Vaziyat qatʼiy nazoratda
Karantin eʼlon qilingan kundan eʼtiboran karantin hududi hisoblangan muassasalarda va uylarda 35 ming kishining salomatligi ustidan tibbiy nazorat oʻrnatilgan edi.
Namangan viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, viloyatga chetdan kirib kelganlar va koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda boʻlganlar kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida oʻttiz besh joyda tashkil etilgan karantin hududida nazoratga olingan.
Karantin eʼlon qilingan kundan eʼtiboran karantin hududi hisoblangan muassasalarda va uylarda 35 ming kishining salomatligi ustidan tibbiy nazorat oʻrnatilgan edi. Karantin kuzatuvi muddatini tamomlagan fuqarolar birin-ketin yashash joylariga qaytarilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida Eron Islom Respublikasi va Latviyadan havo yoʻli orqali olib kelib Toʻraqoʻrgʻon yuqumli kasalliklar shifoxonasi, “Kosonsoy” hamda “Chortoq” sihatgohlarida karantin kuzatuviga olingan 210 nafardan ziyod fuqaro orasida koronavirusni yuqtirganlar qayd etilmadi va karantin muddatini oʻtab boʻlgan mazkur fuqarolar yuqori darajadagi tashkilotchilik tadbirlari asosida oʻz viloyatlariga kuzatib qoʻyildi.
Oʻtgan kuni yana 29 nafar kishi kasallik aniqlanmaganligi uchun Pop tumani sobiq yuqumli kasalliklar shifoxonasini tark etdi.
Bugungi kunda ikki yarim ming nafardan ziyod fuqaro tegishli muassasalardagi karantin kuzatuviga qamrab olingan va ularning yashashi, ovqatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 568 nafar tibbiyot xodimi, jumladan, 102 nafar vrach, 210 nafar hamshira va 256 nafar kichik tibbiyot xodim tunu kun karantin kuzatuvdagi kishilar salomatligini nazorat qilib bormoqda.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida hozirgi vaqtda koronavirusga chalingan 54 nafar fuqaro davolanmoqda. Bemorlarning holati yaxshi. Yaqin kunlarda bir necha nafar kishining butunlay sogʻayib ketishi kutilmoqda. Ularni sogʻlomlashtirish ishlariga eng malakali mutaxassislar jalb qilingan. Dori-darmon taʼminotida hech qanday muammo yoʻq.
Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar orasida butunlay tuzalganlar hozircha yoʻq.