Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan xolos
15:38 / 2023-03-06

Shu yilning 22 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilinib, raqamlashtirish yo‘nalishidagi mavjud kamchiliklar sanab o‘tildi, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Mazkur yo‘nalishda qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini o‘rnatish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan eshituv o‘tkazildi.    

Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligining davlat organlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini hamda davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini sifatli optik tolali internet bilan ta’minlash hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlari muhokama qilindi.    

Qayd etilganidek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2022 yilda Yagona portalda joriy etilgan davlat xizmatlari soni 370 taga yetkazilgan va 2023 yilda yana qo‘shimcha 200 ta elektron xizmatlar joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, «Elektron hukumat»ning asosiy prinsiplaridan biri elektron xizmatlarni «Bir darcha» tamoyili asosida, ya’ni elektron hamkorlik asosida ko‘rsatishi belgilangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda fuqarolardan 70dan ortiq hujjat hamda ma’lumotnomalarni talab qilish amaliyoti bekor qilindi. 38 turdagi xizmatlardan foydalanishda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talabi bekor qilindi.    

Aholini sifatli optik tolali internet bilan ta’minlash doirasida Xalqaro internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2,6 barobar oshirilib, 3 200 Gbit/s.ga yetkazilgan. Respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 600 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s.ga yetkazilgan. Natijada respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga internet xizmatlari uchun tarifning 2021 yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishilgan.   

Tadbirda deputatlar raqamlashtirish yo‘nalishida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, hozirda vazirliklarning 5 mingta funksiyasidan faqat 30 foizi raqamlashgan. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan Ichki ishlar idoralarida 34 ta, Adliya idoralarida 32 ta, «O‘zstandart»da 29 ta, sog‘liqni saqlashda 11 ta xizmat raqamlashmagan. Ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan «086-shakl»dagi tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikalarga murojaat qilishga majbur.

Yana bir holat. Yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn beriladi. Lekin kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir «qo‘lda» bajarilmoqda. Yoki yiliga 300 mingdan ortiq fuqarolar yangi avtomobil sotib olishadi. Ammo ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borishga majbur bo‘lishmoqda.  

Eshituv davomida deputatlar tomonidan sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.     

O‘zA