English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlarning xodimlari shaxmat musobaqasida kuch sinashdi
20:13 / 2021-03-31

Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida 2021 yil 14 yanvardagi «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida «Shaxmat kunlari» musobaqasi o‘tkazildi.

Ushbu musobaqa vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar xodimlari orasida shaxmat sportini keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish maqsadida tashkil etildi. Musobaqada erkaklar va ayollar alohida guruhlarga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun dona surishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan musobaqa FIDE qoidalari asosida uyushtirildi. Ya’ni, musobaqa tezkor (rapid) shaxmat yo‘nalishida tashkil etilib, unda ishtirokchilarga har bir partiya uchun 10 daqiqa, har bir yurish uchun esa 5 soniyadan vaqt taqdim etildi. 

Musobaqa shveysarcha tartibda va 7 turda o‘tkazildi. Bu ham musobaqaning shaffof va adolatli o‘tishiga xizmat qildi. Chunki ilk o‘yinda kuchliroq raqibga duch kelib qolgan yoki arzimas xato tufayli o‘yinni boy bergan ishtirokchi keyinchalik vaziyatni o‘nglash imkoniyatiga ega edi.

«Shaxmat kunlari» musobaqasida jami ishtirokchilar soni 156 nafarni (shundan 30 nafari xotin-qizlar) tashkil qildi. Jamoalar soni esa qariyb 80taga yaqinlashdi. Bu esa yurtimizda shaxmatga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanligidan darak beradi.

Ta’kidlash joiz, musobaqa havaskorlar o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lsada, ishtirokchilar qayd etgan natijalarga e’tibor qaratsak, ayrim havaskor shaxmatchilarning darajasi sport ustasi yoki sport ustaligiga nomzodlarnikidan past emasligi ko‘rindi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bahslar yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar quyidagicha ko‘rinish oldi:

«Shaxmat kunlari» musobaqasi, erkaklar

1. Alisher Sanetullayev (O‘zatom) – 7 ochko;

2. Izzatilla Sultonov (Milliy gvardiya) – 6,5 ochko;

3. Andrey Tyumensev (OKMK) – 6 ochko.

Ayollar

1. Maftuna Mamatqulova (Davlat xavfsizlik xizmati) – 7 ochko;

2. Tatyana Aliyeva (Milliy teleradiokompaniya) – 6 ochko;

3. Laylo Hasanov («O‘zbekneftegaz» AJ) – 5 ochko.

Musobaqa yakunida Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni o‘ziga xos sport bayrami bilan tabrikladi va ularning kelgusi faoliyatlarida omad tiladi.

Shundan so‘ng g‘olib va sovrindorlar medal, diplom va estalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Qolaversa, musobaqada faol qatnashgan ishtirokchilar ham tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘lishdi.