AOKAda o‘tkazilgan navbatdagi brifingda «O‘zarxiv» agentligida «Idoraviy elektron arxiv» tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ta’kidlanishicha, «arxiv.gov.uz» «Idoraviy elektron arxiv» axborot tizimi va «Unicon soft» MCHJning «edo.ijro.uz» elektron hujjat aylanish tizimi o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yildi.

Endilikda, korxona yoki tashkilotlar xodimi tomonidan edo.ijro.uz tizimida imzolangan hujjatlar, ushbu xodimning «Idoraviy elektron arxiv» axborot tizimi kabinetidagi saralanmagan hujjatlar bo‘linmasida avtomatik, ya’ni rahbar tomonidan imzolanishi bilan shakllanib boradi.
Shuningdek, qo‘shimcha ravishda avval yaratilgan hujjatlarni idoraviy elektron arxivga yuborish uchun «edo.ijro.uz» tizimining «Mening hujjatlarim» bo‘linmasida «Arxivga yuborish» funksiyasi joriy qilingan.
– O‘zbekiston Milliy arxivini jamlash manbaiga kiritilgan 200 ga yaqin vazirlik va idoralarda «Idoraviy elektron arxiv» tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, – dedi «O‘zarxiv» agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev. – Shundan 100 ta tashkilotga tizimdan foydalanish imkoniyati yaratildi, 10 ta vazirlik va idora xodimlari uchun joyiga chiqqan holda o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi. 4 ta idora tomonidan nomenklatura elektron tizim orqali kiritildi va kelishildi.
M.Qosimova, O‘zA