Respublika maxsus Komissiyasi tomonidan taqiqlangan korporativ bayram tadbirlariga ko‘zlangan mablag‘larni maktablarni rivojlantirishga yo‘naltirishga chaqiramiz, deyiladi Xalq ta’limi vazirligi telegramiga joylangan xabarda.
Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish maqsadida korporativ bayram tadbirlari taqiqlanganini inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi barcha davlat organlari, korxona va tashkilot rahbarlaridan «Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» shiori ostida o‘zlari va xodimlari ta’lim olgan maktabga tashrif buyurib, uning bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari, moddiy texnik holati bilan tanishib, imkoniyat darajasida maktablarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘rab qoladi.
Shu o‘rinda Xalq ta’limi vazirligi ta’limga befarq bo‘lmagan, farzandlarimizning yanada yaxshi sharoitlarda o‘qishi uchun amaliy yordam berayotgan rahbarlar, tadbirkorlar va fuqarolarga minnatdorchilik bildiradi.