Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazirlik mutasaddilari tushunishni istamayotgan haqiqat, oligarxlar rad etayotgan IM roli yoxud boshqa yurtlarda patentlangan o‘zbek olimlarining ixtirolari...
15:05 / 2020-02-04

Yurtboshimiz ta’kidlagani olimlar tadqiqotining amaliy natijasi ixtirolar, foydali modellarga patent olinishi bilan yakuniga yetadi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Yurtboshimiz ta’kidlagani olimlar tadqiqotining amaliy natijasi ixtirolar, foydali modellarga patent olinishi bilan yakuniga yetadi. Intellektual mulk(IM) ko‘ptarmoqli, ko‘p mezonli tushuncha bo‘lib, Yevropa va rivojlangan davlatlarda bu sohani boshqarish bir korxona va patent egasi doirasida emas, balki iqtisod rivojiga olib keladigan davlat qarorlari va davlat dasturlarini qabul qilish asosida yuritiladi. Jahon ilg‘or mamlakatlari ikki asrdirki, patent va biznes hamkorligini yo‘lga qo‘yib, inson hayoti va turmush tarzini yaxshilashga erishdi.

Quyida ushbu dolzarb sohada bir necha yillar rahbarlik lavozimida ishlagan Baxtiyor OMONOVning IM tizimi buguni va kelajagi haqidagi fikrlari bilan tanishamiz.

Ixtirolar, texnologiya va tijorat sirlari, kompyuter dasturlari, dizaynerlik ishlanmalari, tovar belgilari – IMning ob’ektlari dunyoda moddiy aktivlardan kam baholanmaydi, balki ayrim hollarda ulardan anchagina yuqori turadi.

Umumjahon sanoat ishlab chiqarishining yillik o‘sish sur’atlari 2,5-3 foizdan oshmaydi, IMga bo‘lgan huquqlar bilan savdo qilish hajmi esa yiliga 12-14 foizga o‘smoqda. Ushbu holat yangi g‘oyalar, kashfiyotlar va ixtirolar nafaqat ularning yaratuvchilariga, balki butun jamiyatga naf keltirishini isbotlaydi.

Shu sababdan davlat tomonidan beriladigan yagona monopol huquq, bu – IM ob’ekti egasining undan foydalanish va tasarruf etishga bo‘lgan mutlaq huquqi hisoblanadi.

Mohiyati jihatidan patent – yangilik sirini to‘liq ochib berilishi va belgilangan miqdordagi patent boji to‘lanishi evaziga davlat tomonidan uning muallifiga ixtiroga bo‘lgan huquqlarini muhofaza qilish kafolati beriladigan shartnomadir.

Bunda jamiyat yangilik yaratuvchi huquqini qonuniy rasmiylashtirish evaziga ijodiy mahsulidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi. Jahon tajribasi guvohlik berishicha, patent faolligi ko‘rsatkichi davlat iqtisodiy qudratining bilvosita ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Rivojlangan davlatlar, jumladan, AQSh, Yevropa ittifoqi (YeI) davlatlari, qariyb ikki asrdirki, ixtirochilar, olimlar va ishlab chiqaruvchilarning o‘zaro hamkorligini yaxshi yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda iqtidorli ixtirochilar bilan davlat o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli aloqaning mavjudligi o‘zaro ishonch va umid uyg‘otdi.

Bizning respublikamizda garchi ancha kech bo‘lsa-da, bilim, innovatsiyaga shart-sharoit yaratish harakati boshlangan. 2008 yildan boshlab Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Ha,fan va ishlab chiqarish hamkorligi mexanizmi ishlamasa, albatta, o‘zga mamlakatlar g‘oyasi va texnologiyasiga qul bo‘lib qolish xavfi paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud.

ARZIYDIGAN IXTIROLAR BO‘LSA...

Innovatsiya va innovatsion iqtisodga o‘tib olgan AQSh, Shvesiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniyada bu jarayonga kirishishi uzoq davom etgan.

IM huquqi xalqaro maydonda 1883 yilda imzolangan Parij konvensiyasi hujjati orqali tartibga solina boshladi. Konvensiyaga 140 davlat, jumladan O‘zbekiston ham a’zo bo‘lib kirgan.

Shuni qayd etish lozimki, innovatsion biznes davlat, investorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, davlat dasturisiz ham rivojlanishi mumkin. Olimlar, ixtirochilar bilan biznes ahli dunyoqarashi turlicha bo‘lgani uchun narx-navolarda, shartnomaviy kelishuvlarda yuzlab bahonalar paydo bo‘ladi, albatta.Shunda agar arziydigan ixtirolar bo‘lsa, unga boshqalardan, chetdan buyurtma tushadi.

Sobiq ittifoq davridan misol keltiradigan bo‘lsak, akademik Rahim Vohidov rahbarligidagi “Koinot” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi texnik ishlanmalariga Rossiya koinot fazogirlari shaharchasidan buyurtmalar berilgan.

“Fizika-Quyosh” ilmiy-texnologik majmuasi, “Kibernetika” yo “Avtomatika” ilmiy-tadqiqot institutlarining ba’zi ixtirolari va nou-xaulariga chet ellardan xaridor katta qiziqish bildirgan.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, ilmiy va ijodiy faoliyat, jumladan, ixtirochilik faoliyati ancha faollashdi. Bugungi kunga kelib IMA tomonidan 22 mingdan ortiq tovar belgilari, 10 ming ixtiro, 3,5 ming EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari, 2,4 mingta sanoat namunasi, 1000 foydali model davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

So‘nggi vaqtga oid yirik innovatsiyalar qatorida tiniq suyuq tibbiy-biologik ob’ektlarning rangli tasvirdagi mikroskopik tadqiq qilish usulini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Bu innovatsiya uchun FAning Elektronika institutiga patent berildi.

Endilikda eng murakkab va muhim tahlillarni hatto oddiy tibbiy muassasalarda o‘tkazish imkoniyati yuzaga keladi, probalarni olib, ularni bosib chiqarish o‘rtasida esa sanoqli daqiqalar o‘tadi.

Innovatsiya dastlabki ixtirolarni yuzaga keltirdi. Misol uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi Patologik anatomiya respublika markazida akademik M.S.Abdullaxo‘jaeva rahbarligida 2011 yilda ixtiroga olingan patentda aniqlanishicha, agar mikroskop uchun predmet oynasiga saraton hujayralari joylansa, mikroskop okulyarida ular yorishib turganini ko‘rish mumkin ekan. Bu saraton hujayralarining vizual markeri bo‘lib qoldi. Ixtironing qimmati shundaki, saraton kasalliklarini ularning eng dastlabki bosqichida, shish hali hosil bo‘lmay, faqat uni keltirib chiqaradigan hujayralarning o‘zi paydo bo‘lgandayoq tashhislash imkoniyati tug‘ildi.

O‘ZBEK OLIMLARINING IXTIROLARI

Ha, o‘zbek olimlari va muhandislarining eng yaxshi ixtirolari AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, Fransiya, Rossiya, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va boshqa mamlakatlarda patentlangani bizni mamnun qiladi.

Masalan, Ichki ishlar vazirligi Oliy o‘t o‘chirish-texnik maktabi qoshidagi Yong‘in xavfsizligi ilmiy-tadqiqot markazining boshlig‘i Mirjalil Usmonov 17 davlatda o‘z patentiga ega bo‘ldi.

U ishlab chiqqan yong‘inga qarshi ekranlar issiqlik oqimi sur’atini yuz va undan ko‘proq martaga susaytirishi mumkin. Ushbu ixtiro ahamiyatini har qancha oshirib ko‘rsatsa ham kamlik qiladi. Bu borada ko‘pchilik mamlakatlarda yong‘inlardan ko‘rilayotgan zarar va ularga qarshi kurashishga ketayotgan sarflar har yili yalpi milliy mahsulotning taxminan bir foizini tashkil qilishini aytib o‘tish kifoya.

Bugungi kunda innovatsiya respublika milliy iqtisodini rivojlantirish uchun suv va havoday zarur. Shu maqsadda respublikamizda 2020 yil – Ilm, fan va raqamli iqtisodni rivojlantirish yiliga qadam tashlar ekanmiz, keyingi besh yilda matematika, kimyo, biologiya, farmasevtika, axborot texnologiyasi kabi ustuvor yo‘nalishlarda patent olingan mavjud ixtirolar, foydali modellar tezlikda inventarizatsiyadan o‘tkazilishi lozim. Ularning joriy etilishi holati aniqlangandan keyin 2020-2025 yillar Davlat dasturlariga kiritilib, maqsadli moliyalanishi kerak, chunki yaxshi ixtironi joriy etishga olimlarning sa’y-harakati ham, mablag‘i ham yetarli bo‘lmaydi.

Bir fakt: biz mutasaddi vazirlik va kompaniyalar, yirik ishlab chiqaruvchilarning e’tiborini tortish maqsadida 2009 yildan boshlab Davlat patent idorasi (hozirgi Intellektual mulk agentligi)da “Istiqbolli ixtirolar” to‘plamini chop etgan edik.

O‘sha paytda idoraga rahbarlik qilardim. Toki agentlik tuzilgunga qadar 2011 yilgacha 200 dan ziyod ixtirolarni ta’rif va tavsiflarini e’lon qilib bordik. Ammo IMA tuzilib, boshqa sohaga o‘tib ketganimdan keyin mazkur istiqbolli ixtirolarning taqdiridan bexabar qoldim.

Ilm-fan, innovatsiya va ishlab chiqarish tandemida IM imkoniyatiga alohida yondashuv bo‘lishini istardim. IM – asli, bu ko‘p sonli yaratuvchilar bilan tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘plangan katta mablag‘ni adolatli taqsimlash instrumenti. Turgan gapki, u ikki tomonni, birinchi navbatda davlatni iqtisodiy boy qiladigan mexanizm. Biroq jamiyatda yaxshigina oyoqqa turgan oligarxlar, boy-badavlat kishilar IM rolini ochiqdan-ochiq rad etish baravarida, boshqalarni shunga da’vat etishga urinadilar.

Chet elda buning aksini ko‘ramiz. Sababi, bunday tizim va infratuzilma ishga tushib ketsa, ko‘plab “biznesmen”larning bojxona, soliqchilar ko‘zini shamg‘alat qilish hisobiga boyib qolishi, yengil-yelpi yo‘l bilan daromad olishi barham topadi.

Siyosiy hayot – manfaatlar kurashidan tashkil topadi. Biznesmenlar, korrupsiya guruhlari IM sohasida kutilayotgan islohotlarga, demakki milliy iqtisodning rivojiga turli darajada to‘sqinlik qilishga har jihatdan intiladi. Misol uchun, yiliga 10 mlrd. so‘mlab daromad olayotgan CD, DVD disklari bozori fikrimizning tasdig‘i bo‘la oladi.

IM – bu, yuqori texnologiya va o‘ta iqtidorlilar biznesiga kiradigan o‘n minglab intellektuallarning fundamental instrumenti hamdir. AQSh, Shvesiya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va boshqa iqtisodi rivojlangan mamlakatlar bu instrumentdan jahon pul oqimini qayta taqsimlash maqsadida foydalanadi.

O‘zbekistonda Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutasaddilari afsuski, ana shu haqiqatni tushunishni istamaydi. Bizningcha, ushbu vazirlik rahbarlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda bozor iqtisodi sharoitida navbatma-navbat bilimlar iqtisodi tizimini barpo etishga doir strategik dasturlarini tayyorlab borishi lozim.

Bu dasturlar tezroq ishga tushmasa, vaqt va imkoniyatdan yutqazamiz. Respublikada aniq fanlarda ilmiy maktablar davomchilari borligi va ularning astoydil harakati eng muhim yutug‘imizdir. Ammo o‘n yildan so‘ng yaxshi imkoniyat qo‘ldan boy berilishi mumkin...

IM, bu — aqlli biznesmen va yetuk mutaxassislar boyib qoladigan instrument emas, albatta. U bozorda raqobatbardosh mahsulot vujudga kelishining bosh omili hisoblanadi. Kimki ishni aniq, pishiq-puxta o‘zlashtirsa, o‘shanda ustunlik saqlanadi. Yuqorida tilga olingan ilg‘or davlat biznesmenlari bu oltin qoidani o‘zlashtirib olishgan. Muhimi, ular IM va ilm-fan taraqqiyotiga suyanmasdan, dastur va rejalarni tuzmaydilar.

Gap shundaki, birinchidan, biz dunyo yurgan iqtisodiy yo‘ldan qadam tashlar ekanmiz, ilm-fan, bilim, innovatsiyaga doir muammolarni yechish fursati yetib keldi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni mo‘ljallab turibdi, agar masala hal bo‘lsa, yetakchi ishlab chiqarish korxonalari, xususan, iqtisodning xom ashyosiz sektorida ancha murakkab vaziyat yuzaga keladi.

AHVOLDAN QUTULIShNING YO‘LI BORMI?

Bor, albatta. Birinchidan, barcha sanoat korxonalari rahbarlari IMni ommaviy rad etish, uni chetlab o‘tib ketish psixologiyasidan voz kechishi kerak.

Ikkinchidan, IM hisobiga qurilgan biznes g‘oyalarni joriy etish jarayonini boshidan oxirigacha rag‘batlantirib borish tizimini yaratish lozim. Uchinchidan,“Nomaterial aktivlar hisobi” ro‘yxatini kengaytirish, unga eng kamida nou-xau – “ishlab chiqarish sirlari”ni kiritish zarur bo‘ladi. To‘rtinchidan, yetakchi davlatlar tajribasidan kelib chiqib, innovatsion loyihalar uchun uzoq muddatga jalb etiladigan mablag‘larga soliq imtiyozlari berilishi maqsadga muvofiq. Mazkur imtiyozlar kelgusida ortig‘i bilan qaytib kelishi bilan birga, biznesning ildam o‘sishiga, budjet sur’atining ko‘payishiga olib keladi.

Iqtisodchilar uzoq yillar mobaynida ba’zi mamlakatlarda iqtisod boshqalarnikiga qaraganda nega jadal rivojlanishini tushuntirishga harakat qilib keladi.Boshqacha qilib aytganda, nega ayrim davlatlar boy-badavlat, boshqalari esa kambag‘al ekanligini isbotlaydi.

Keng jamoatchilik biladiki, so‘nggi paytlarda iqtisodning rivojida bilim va ixtirolar, shubhasiz, muhim rol o‘ynamoqda. Mashhur iqtisodchi Pol Romerning ta’kidicha, bilimlarni to‘plash iqtisodiy o‘sishni harakatga keltiruvchi kuchdir. Uning nazariyasiga ko‘ra, iqtisodiy siyosatda o‘sishni osonlashtirmoqchi bo‘lsangiz, mamlakat yangi tadqiqotlar va ishlanmalarga investitsiyalarni ko‘paytirishi lozim. Buning uchun avvalo, ilg‘or mamlakatlar tajribasini borib o‘rganish, uni qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish kerak.

Davlat innovatsion istiqbolli yo‘lni tanlagudek bo‘lsa, quyidagi tayanch asoslarga suyanishi maqsadga muvofiq: birinchi o‘rinda intellektual donorlar (olimlar, ixtirochilar, madaniyat va san’at arboblari); ikkinchidan, dastlabki o‘rinda turuvchilar g‘oyasini hayotga tatbiq etuvchi moliyachilar (mahsulotni tashqi bozorga sotib, iqtisodimizga chet el investitsiyasini kiritish va kapitalni qaytarishni amalga oshirgan biznesmenlar);

uchinchidan, uddaburo menejerlar;

to‘rtinchidan, o‘qituvchilar va shifokorlar.

Boshqa kasbdagilar, jumladan chinovniklarning o‘zi ham keyingi o‘rinda turishadi.

O‘shanda bilimga asoslangan iqtisod formulasi ushbu tarzda joylashadi: IM asosiga qurilgan ustuvor sohalar – dasturlar –amalga oshirish uchun mablag‘lar – natijalar. Ko‘rinib turibdiki, mablag‘lar faqat IM g‘oyalariga sarf etilmoqda.

Xulosa shuki, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi arafasida davlat hokimiyat tizimi bilan iqtidorli olimlar, ishlab chiqaruvchilar, tovarlar va xizmat ko‘rsatuvchi tizimlar tezlikda tashkiliy, psixologik chora-tadbirlarni amalga oshirib, turli masalada axborot almashib turishi lozim, deb hisoblaymiz. Bugungi shiddatli davr taqazosiga ko‘ra, jamiyatda IMning yetakchilik roli oshib boraveradi. Xorijiy mamlakatlarda ko‘rganlarimizni yurtimiz shart-sharoiti, aqliy potensiali bilan solishtirgan shunday xulosaga kelamiz.

Zero, aqliy salohiyatli shaxslarning vatanparvarlik sari dadil qadam tashlashiga keng imkon yaratilsa, mamlakatimiz iqtisodiy jihatdan yanada taraqqiy qilardi.

Baxtiyor OMONOV,

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti,

siyosiy fanlar doktori