So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 15 million nafar fuqaroga tegishli shaxsiy ma’lumotlar sizib chiqqanligi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu xabarlarga rasmiy izoh berildi. Unda vazir Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Ta’kidlanishicha, joriy yilning 27-30-yanvar kunlari 3 ta davlat idorasining axborot tizimlariga kiberhujum uyushtirilgan. Holat vakolatli organlar tomonidan tezkor o‘rganilgan.
Dastlabki tahlillar natijasiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek, 15 million emas, taxminan 60 mingga yaqin ma’lumot yozuvlari haqida gap borayotgani aniqlangan. Shu bois, keng tarqalgan raqamlar asossiz ekani ma’lum qilindi.

Kiberhujum oqibatlarini bartaraf etish maqsadida axborot tizimlarida qo‘shimcha himoya choralari ko‘rilgan. Jumladan, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) foydalanuvchilarining parollari yangilangan, xavfsizlik mexanizmlari kuchaytirilgan hamda shaxsiy ma’lumotlarni faqat fuqaro roziligi asosida taqdim etish imkoniyatlari takomillashtirilgan.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, “shaxsiy ma’lumot sizib chiqishi” akkaunt buzildi degani emas. Ayrim hollarda faqat ism-familiya, tug‘ilgan sana yoki telefon raqami kabi ma’lumotlardan biri qo‘lga kiritilgan bo‘lishi mumkin. Biroq fuqaroning shaxsiy ishtirokisiz uning nomidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.
Shu bilan birga, fuqarolardan kibergigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raldi. SMS-kod, parol va bank karta ma’lumotlarini hech kimga bermaslik, shubhali qo‘ng‘iroq va havolalarga ishonmaslik, ikki bosqichli himoyani yoqish tavsiya etildi.
Shuningdek, vazirlik jamoatchilikni rasmiy manbalarga tayanishga va tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA