Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazirlar kengashi raisining murojaati tinglandi
21:16 / 2020-12-21

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari dastlab O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida tashkil qilingan tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, sektor, soha va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yilning 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholining obodon turmushi bilan bog‘liq ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish, ijtimoiy va boshqa sohalar bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Prezidentimizning joriy yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida uch  yillik Dastur ishlab chiqildi va qator muhim  vazifalar belgilandi.

Kun tartibidagi dastlabki masala bo‘yicha 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va kelgusi yilga belgilangan rejalar to‘g‘risida Vazirlar Kengashi Raisi Q.Sariyevning murojaati tinglandi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining “Mamlakatimiz pandemiya sharoitida yanada qudratliroq bo‘lishi hamda bu sinovlardan kam talofat bilan o‘tib olishi uchun bizdan bugun temir intizom, mas’uliyat, sabr va yuksak tafakkur talab etiladi”, degan da’vatlari hamda aniq maqsad va vazifalarni o‘zida jamlagan farmon va qarorlari asosida xalqimizning yashash sharoitlarini yaxshilash hamda aholi orasida tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarining yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, aholining daromadlarini oshirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot, sport, madaniyat va boshqa sohalarda keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada kambag‘allikni kamaytirish xususida to‘xtalib, bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, o‘tgan davr mobaynida pandemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarini,  shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarini uzluksiz ishlashini ta’minlash, byudjetga tushumlar miqdorini ko‘paytirish va bu orqali yordamga muhtoj aholi qatlamini har taraflama qo‘llab-qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ishlar olib borildi. Xususan, pandemiya davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 1968 ta korxona o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi.

Davlatimiz rahbari  tomonidan berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, sektor rahbarlari va boshqa mutassadi tashkilotlar bilan birga korxonalar kesimida ish olib borildi va bugungi kunda barcha korxonalarning faoliyati qayta tiklandi. Buning natijasida, joriy yil yakuni bilan sanoat ishlab chiqarish hajmi 14,0 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 104 foizga o‘sishi, iste’mol tovarlari esa 105,2 foizga, qishloq xo‘jaligi 104,1 foizga, xizmatlar hajmi 104,4 foizga oshishi kutilmoqda.

Joriy yilda Prezidentimiz tashshabbusi bilan kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillariga keng ko‘lamli qulaylik va imkoniyatlar yaratib berildi. Xususan, bugungi kunga qadar aholini tadbirkorlikka jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 10991 ta jismoniy va yuridik shaxsga jami 385,6 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Jumladan “Har bir oila-tadbirkor” dasturi asosida 9901 ta jismoniy va yuridik shaxsga 318,4 milliard so‘m, “Fermer, dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” hisobidan 62 ta loyihaga 3,7 milliard so‘m, hunarmandchilik sohasidagi 692 ta loyihaga 21,9 milliard so‘m; xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan 207 ta loyihaga 4,8 milliard so‘m,  “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi asosida 117 ta loyihaga 36 milliard so‘m imtiyozli bank krediti berildi. 

Shuningdek, 3519 nafar tadbirkorning 712 milliard so‘mlik krediti prolongatsiya qilindi, ya’ni to‘lov muddati uzaytirildi. Natijada, joriy yil yakuniga qadar 4409 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etilib, o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar oshadi. 

Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida import hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37,0 foizga, ya’ni 141 million dollarga kamaygan bo‘lsa, hududiy eksportyor korxonalar tomonidan 2020 yilning yanvar-noyabr oylarida 91,4 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilga solishtirganda 152 foizga oshdi. Hozirgi kunda 141 tadan ortiq eksportyor korxona dunyoning 30 tadan ortiq davlatiga mahsulot chiqarmoqda. Oldin eksport qilinmagan mikrotalk, meva sharbatlari, shisha idishlari, kir yuvish kukuni kabi yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, yil boshidan yangi eksportyor korxonalar soni 28 taga ko‘paydi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatida nafaqat kam ta’minlangan oilalar, balki ko‘plab fuqarolarimiz daromadini yo‘qotib, ishsiz qolishdi. Shu sababli bu muammoni o‘zimizga asosiy vazifa sifatida qarab, ayniqsa “temir daftar”ga  kiritilgan ehtiyojmand aholi, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.Xususan, 2020 yilning o‘tgan 11 oyida 94 ming 376 nafar fuqaroga aholi bandligini ta’minlash markazi tomonidan xizmatlar ko‘rsatildi. 

Ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi mahalliy byudjetlari daromadlar rejasini oshirib bajarilgan qismi hisobidan jami 20 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.  2020 yilning Investitsiya dasturi asosida 398 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektida 747 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy qilish, hosildorlikni oshirish hamda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida hududimizda 13 ta g‘allachilik, 12 ta meva-sabzavot, 6 ta sholichilik hamda 10 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi. Joriy yilda 53 ta Irrigatsiya va melioratsiya ob’ektida 1453,7 kilometr qurish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlarining bajarilishi natijasida 54,5 ming gektar yer maydonining meliorativ ahvoli hamda 21,5 ming gektar yer maydonining suv ta’minoti yaxshilandi. Shuningdek, 175 gektar g‘o‘za maydonlarida suv tejovchi texnologiyalari joriy qilinib, 10 ta fermer va 1 ta klaster korxonasiga 1 milliard 400 million so‘m subsidiya mablag‘i ajratildi. Joriy yilda chorvachilik sohasida qiymati 293 milliard so‘mlik 220 ta loyiha moliyalashtirilib,  126 ta loyiha to‘liq ishga tushirildi. Natijada, 4655 bosh naslli qoramol hamda 2 mingdan ortiq naslli qo‘y olib kelindi.

Deputatlar murojaat bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Sessiya kun tartibida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev ishtirok etdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA