Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazirga parlament so‘rovi yuborildi
09:48 / 2022-11-03

Bugun hayotimizni axborot texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat boshqaruvi va davlat xizmatlarini ko‘rsatishning barcha sohalariga joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan samarali foydalanish hamda innovatsiyalarni joriy etish davlat boshqaruvi tizimini to‘liq raqamlashtirish hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish imkonini bermoqda.

Innovatsiyalar hamda dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk kadrlar tayyorlash bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi. Shu munosabat bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishida ushbu sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, bunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan innovatsion iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlarini shakllantirish va faol rivojlantirishga qaratilgan innovatsion texnoparklar hamda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parklarini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi.  

Prezidentimizning “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida butun respublika hududida Texnopark rezidentlarini joylashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsipi asosida tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan.  

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida esa axborot texnologiyalari sohasini va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohadagi “startap” loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ichki va tashqi bozorlarda dasturiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlarni targ‘ib qilishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan va tegishli chora-tadbirlar belgilangan.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan yuqorida keltirilgan hujjatlar ijrosi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Mazkur jarayonda sohani rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini samarali tashkil qilish, texnoparklar faoliyatini rivojlantirish hamda iqtidorli yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligi bilan birga ayrim muammolar ham mavjudligi kuzatildi.  

Xususan, xalqaro IT sertifikatiga ega bo‘ladigan 14–30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ulushi pastligicha qolmoqda. Axborot texnologiyalari rivojlanishi va ularni iqtisodiyot sohalariga joriy etishning hozirgi holati, shuningdek, mahalliy dasturiy mahsulotlarning eksport darajasi hali ham qonaqarli darajada emas. Axborot texnologiyalarining raqobatdosh va yuqori unumdorlikka ega tarmog‘ini shakllantirish uchun mamlakatning fan va ta’lim sohasidagi salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayapti.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, parlament quyi palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatovga “Hududlarda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parklari, raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, iqtidorli yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA