Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Vazirga murojaat» portaliga kelayotgan masalalar yechimiga qanday kirishilmoqda?
21:06 / 2023-03-16

Bilamizki, Maktabgacha va maktab ta’limi sohasiga eng ko‘p murojaat va tanqidlar bo‘ladi. Shu bois Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining birinchi galdagi vazifasi tizimdagi barcha ta’lim muassasalarida sog‘lom, xavfsiz muhitni shakllantirishdan iborat.

Mavjud muammolarni pedagog kadrlarning o‘zlaridan kelib tushgan murojaat va takliflar orqali o‘rganib, keyingi faoliyatning istiqbollarini belgilash maqsadida “Vazirga murojaat» portali ishlab chiqildi. Bugunga qadar mazkur portal orqali qanday murojaatlar ko‘p uchramoqda va masalalarga qay yo‘sinda yondashilmoqda? Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bu boradagi so‘nggi ma’lumotlarni aytib o‘tdi.

– Maktabgacha va maktab ta’limiga oid soha yetakchisi sifatida ish boshlagan ilk kunimdan ta’lim fidoyilari — o‘qituvchi-pedagog xodimlarning bugungi muammolari, tizimni yanada rivojlantirishga doir takliflari bilan qiziqdim, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, – Ulkan jamoa bilan muloqot davrasini tashkil etish uchun “Vazirga murojaat» portalini ishlab chiqdik. Maqsadimiz ezgu — mavjud muammolarni pedagog kadrlarning o‘zlaridan kelib tushgan murojaat va takliflar orqali o‘rganib, keyingi faoliyat istiqbollarini belgilash.

Joriy yilning mart oyining ilk kunlarida ishga tushgan ushbu portal orqali hozirga qadar 1200 dan ortiq murojaatni qabul qildik. Quvonarlisi, ushbu platformaga soha xodimlaridan tashqari, yurtimizdagi har bir fuqaro — ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari ta’limni rivojlantirishga doir o‘z takliflarini yuborishmoqda va bu murojaatlarning har biri chuqur tahlil qilinib, manzilli o‘rganilmoqda.   

DASTLABKI XULOSALAR QANDAY?   

– Dastlabki xulosalarimiz va tahlillarimizni sizlar bilan bo‘lishsak, ayni vaqtda murojaatlarning soni bo‘yicha Toshkent shahri, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyati yetakchilik qilmoqda, – deya ma’lum qiladi Hilola Umarova, – Murojaatlarning 21 foizdan ortig‘i ta’lim tizimi bo‘yicha takliflar, 12 foizi ish haqi, ustamalar, 7 foizi malaka toifasi uchun attestatsiya hamda sertifikatsiyalash, 9 foizi maktablarning moddiy-texnik bazasi, infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq masalalardir. Eng achinarli jihati, murojaatlarda hududlardagi rahbar kadrlar faoliyatiga doir norozilik, maktablardagi nosog‘lom muhit bilan bog‘liq masalalar ham talaygina.  

Xalqaro tajribalar shuni ko‘rsatmoqdaki, bola xavfsiz va sog‘lom muhitdagina sifatli ta’lim olsa, samarali bo‘ladi. Bu muhitni yaratish esa zamonaviy rahbar va malakali o‘qituvchilar qo‘lida. Shunday ekan, yangi vazirlik tizimidagi ta’lim tashkilotlariga zamonga moslasha oladigan, sohada innovatsiyalar qilishga qodir kadrlarni tayinlash bo‘yicha ish olib bormoqda. 

MAKTABLAR INFRATUZILMASIGA OID SO‘ROVLAR BO‘YICHA QANDAY MA’LUMOTLAR MAVJUD?  

– 2023 yilda yurtimizda 57 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 24 ta maktab, 6 ta ixtisoslashtirilgan maktab binosi yangidan quriladi. 111 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 206 ta umumta’lim maktabi, 3 ta ixtisoslashtirilgan maktab rekonstruksiya qilinadi. 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 9 ta maktab bino va inshooti mukammal ta’mirlanadi.  

Bu faqat aniq rejalarimiz. Ammo yil davomida bog‘chalardagi tarbiyalanuvchi va maktablardagi o‘quvchi o‘rinlarini yanada ko‘paytirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish ustida ishlar davom etmoqda.

«Vazirga murojaat» portaliga kelib tushayotgan taklif va murojaatlar bizni quvontirmoqda. Buning uchun ustozlarimiz, ota-onalarimiz va faol jamoatchilik vakillariga ta’lim sifatini yanada oshirishga doir kuyunchaklik bilan bildirayotgan takliflari uchun minnatdorlik bildiramiz va ularni albatta inobatga olishimizni aytib o‘tishni istardim. Shuningdek mazkur portalga kelib tushayotgan eng aktual savollarga vazirligimiz tomonidan javoblar tayyorlanib, video bayonot tarzida berib borilishi yo‘lga qo‘yilgan, – deya ma’lum qiladi Hilola Umarova.  

Portalga murojaatlar qabuli davom etadi.   

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA