Farzandlar hayot davomchilari, umrning iqbol chiroqlaridir. Orzu-umidlarimiz, ezgu niyatlarimiz bolalarimiz, ularning kelajagi bilan bog‘liq.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, kattalardan mehr-e’tibor ko‘rgan bolalar boshqalarga nisbatan 50 foiz ko‘proq daromad ko‘rish imkoniga ega bo‘lar ekan hamda ular 70 yoshida boshqalarga nisbatan ko‘proq do‘stlik va atrofidagilar g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘lishni uddalar ekan.
Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik va vazirlik tizim tashkilotlari xodimlarining farzandlariga yozgan maktublarini ularning ota-onalari orqali topshirdi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, “Vazirdan vazirga maktub” loyihasi 2020 yilgi global pandemiya davrida ko‘plar qatori yurtimiz aholisining ham harakatlari cheklangan davrda boshlangan bo‘lib, innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik xodimlarining 7 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga maktub yo‘llab, ularning ko‘ngliga quvonch va ko‘tarinki ruh bag‘ishlagan edi. Xatning so‘ngida vazir bolalardan unga javob xatini yozishlarini so‘ragan, va bolalardan ko‘plab xatlar kelgan. Shundan buyon vazir va vazirlik xodimlari farzandlari o‘rtasida maktub amashish an’anaga aylandi.
Mana shu ajoyib an’anani kengaytirish maqsadida “Vazirdan vazirga maktub” loyihasini “Innovator” jurnali o‘quvchilari uchun ham tashkillashtirishga qaror qilindi. Endi bolalar, o‘smirlar va yoshlar vazirga maktub yo‘llab, javob xatini olishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA