Shu yilning 11 oyi davomida mamlakatimizda 10 ming 222 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga oshgan. Oqibatda 102 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 67 nafari vafot etgan. Yong‘inlarning asosiy qismi e’tiborsizlik, elektr va isitish tizimlaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuzaga kelgan. Jami yong‘inlarning 76 foizi aholi xonadonlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bu haqda favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi. Majlisda vazirning “Aholini yong‘inlardan muhofaza qilish, xususan, ijtimoiy soha ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish, texnik nosozliklar va boshqa xavfli holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, elektr va gaz uskunalaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadida korxona va tashkilotlar, mahalla va xonadonlar kesimida profilaktika ishlari samarali tashkil etilmoqda.

Davlat nazorati inspektorlari tomonidan ro‘yxatga olingan 323 ming 93 ta korxona va tashkilotning 79 ming 432 tasida batafsil va nazorat tartibidagi tekshiruvlar o‘tkazildi. Korxona va muassasalar rahbarlariga davlat nazorati inspektorlarining yozma ko‘rsatmalari taqdim etilib, ko‘plab qonun buzilishi holatlarining bartaraf etilishiga erishildi. Jumladan, korxonalar rahbarlariga 1 million 300 ming banddan iborat bajarilishi lorzim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan 51 ming 824 nafar rahbar, javobgar shaxslar va fuqarolar 31 mlrd. 803 mln. 458 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimaga tortildi. Yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 22 ming 642 ta bino (inshoot)ning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilib, 112 ming 527 ta nosoz elektr uskuna manbasidan uzildi.

Olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi qoidalarini targ‘ib qilish va bu borada fuqarolarning savodxonligini oshirish maqsadida jami 9 millionga yaqin fuqaroni qamrab olgan holda suhbat va yo‘l-yo‘riqlar o‘tkazildi.
Aholi hayotini yong‘inlardan himoya qilish, keng omma orasida targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida markaziy va mahalliy televideniye orqali 13 ming 269 ta, elektron reklama tablolarida 150 ming 389 ta roliklar namoyish etildi. Shuningdek, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining veb-saytlari va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolarni ogohlikka chorlovchi e’lonlar, xabarlar, lavhalar va sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, shu jumladan yong‘inlar haqida ma’lumotlar joylashtirildi.
Vazirning qayd etishicha, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan rejaga asosan tekshiruvlar o‘tkazilib, ta’lim tashkilotlari mas’ullari bilan aksariyat ob’ektlarning yong‘inga qarshi ahvolini yaxshilashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Nazorat tadbirlari jarayonida ob’ektlarda aniqlangan 68 ming 536 ta qoidabuzarlikdan 32 ming 59 tasining bartaraf etilishiga erishilgan.
Oliy va o‘rta ta’lim muassasalaridagi nazorat tadbirlari jarayonida ob’ektlarda aniqlangan 4 ming 252 ta qoidabuzarlikdan 2 ming 175 tasi, tibbiyot muassasalaridagi nazorat tadbirlarida esa ob’ektlarda aniqlangan 15 ming 402 ta qoidabuzarlikdan 7 ming 284 tasining bartaraf etilishiga erishilgan. Ta’lim maskanlarida sentyabrdan buyon 2 ming 400 dan ortiq targ‘ibot tushuntirish tadbirlari o‘tkazildi.
Vazir kelgusidagi ishlar haqida to‘xtalar ekan, 2028 yil 1 dekabrga qadar favqulodda vaziyatlar organlarida zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlar tatbiq etilib, raqamlashtirish 60 foizga yetkazilishini aytib o‘tdi. Favqulodda vaziyatlar holatida aholini ogohlantirish bo‘yicha zamonaviy terminallar joriy etiladi, aholi punktlarining umumiy xususiyatlari va xavf manbalarini o‘z ichiga oluvchi mahalla pasportining avtomatlashtirilgan shakli ishlab chiqiladi. Yong‘indan ogohlantirish qurilmalari, signalizatsiya simlaridan signallarni qabul qilishning yagona platformasi yaratiladi. Chegara hududlar bo‘yicha raqamli xarita ishlab chiqiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA