Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir: xususiy klinikalarda nazorat mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerak
12:07 / 2025-04-21

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi xususiy klinikalardan birida shifokorlarning noto‘g‘ri muolajasi oqibatida vafot etgan 13 yoshli sportchi bolaning o‘limiga oid xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yaqinlarining aytishicha, shifokorlar bolaga antibiotik berib, uni yolg‘iz tashlab, operatsiyaga ketishgan.

Yana bir murojaatchi avval ushbu klinikada sog‘lom bolaning anginasini olish o‘rniga quloq pardasini teshib, moslama o‘rnatib qo‘yishganini aytgan. 

Umuman, xususiy tibbiyot muassasalarining bu kabi noto‘g‘ri muolajalari va buning oqibatida yuzaga kelgan noxush holatlar haqidagi shov-shuvlarga, muhokama va e’tirozlarga, afsuski, tez-tez duch kelinyapti. Yaqinda parlament quyi palatasining navbatdagi “Hukumat soati”da sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov sohadagi korrupsion omillarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etib, deputatlarning bu boradagi savollariga javob berdi. 

Muhokamalarda deputat Saydullo Azimov aynan xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati bilan bog‘liq savolni o‘rtaga tashladi. Deputat qayd etganidek, xususiy klinikalar moddiy manfaatdorlik maqsadida muassasaga kelgan bemorni tezroq, qisqa fursatda davolashni ko‘zlab, eng kuchli dori vositalari, gormonlar bilan davolashni boshlaydi. Ammo vaqt o‘tib, bu dorilar o‘zining salbiy asoratlarini ko‘rsatadi. Lekin odamlarning ko‘z o‘ngida o‘sha klinika bemorni tez davolagandek ko‘rinadi va reklamaga o‘xshab qoladi. Vazirlik ana shunday xususiy tibbiyot muassasalarida retseptlarni yozish hamda davolash metodlari ustidan nazorat olib boryaptimi? Xalq vakilining savoliga javoban sog‘liqni saqlash vaziri quyidagilarni ta’kidladi: 

– Tadbirkorlik sub’ektlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha vazirlik xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini litsenziyalaganidan keyin Biznes ombudsman ruxsati bilan tekshirish huquqiga ega. Qachonki, huquq-tartibot organlari yoki aholi vakillaridan biror klinika faoliyati ustidan shikoyat tushsagina tekshira olamiz. Servis va jozibadorligi jihatidan xususiy tibbiyot muassasalari juda chiroyli. Ularga ham davlat muassasalarida ishlagan professional mutaxassislar jalb etilgan. Vazirlik mamlakatimizdagi barcha toifadagi tibbiyot muassasalari uchun dori vositalarini ishlatish bo‘yicha yagona standart protokol chiqargan va bunga davlat tibbiyot muassasasi ham, xususiy muassasalar ham amal qilishga majbur. Faqatgina nazorat mexanizmini takomillashtirish lozim. Reanimatsiya xizmati ko‘pchilik klinikalarda to‘g‘ri tashkil qilinmagan. Bemorning ahvoli o‘rtacha bo‘lganda xususiy klnikalarda xizmat ko‘rsatish yaxshi. Ammo og‘irlashgan holatda davlat muassasasiga o‘tkazishga to‘g‘ri kelyapti. Nima uchun davlat tibbiyot muassasalari xususiy klinikalar yuzaga keltirgan asoratlarni davolashi kerak?! To‘g‘ri, insoniylik nuqtai nazardan bemorga yordam ko‘rsatiladi. Ammo bu borada normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish, nazorat mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish kerak, – dedi vazir. 

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda aholi salomatligini asrash, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatiga keng yo‘l ochib berilmoqda. Ammo xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatida asosiy maqsad tadbirkorlik emas, balki inson hayoti va sog‘lig‘i birinchi o‘rinda turishi kerak. Aslida ularning faoliyatiga keng o‘rin berilayotganidan ko‘zlangan maqsad ham aholining sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Inson salomatligi ustida so‘z borar ekan, vazir ta’kidlaganidek, xususiy tibbiyotda ham nazorat mexanizmlarini soddalashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA