Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir Xorazmning sanoat salohiyati va eksport imkoniyatlarini o‘rganmoqda
12:40 / 2025-08-15

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev viloyatdagi ayrim korxonalar faoliyati bilan tanishib, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga baho berdi.

Vazir viloyat hokimi o‘rinbosari, tuman hokimlari va tegishli mas’ullar bilan birgalikda Shovot tumanidagi “Xorazm shisha idishlari” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona kuniga o‘rtacha 120 ming dona turli hajmdagi shisha idishni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz bozorida, balki xorijiy davlatlarda ham xaridorgir. Xususan, Rossiya, Tojikiston, Gruziya va Polsha kabi davlatlarga mahsulotlar muvaffaqiyatli eksport qilinmoqda.

[gallery-24777]

2024 yil davomida Xorazm viloyatiga  Turkiya, Xitoy, Germaniya, Eron, Rossiya kabi 16 ta davlatdan jalb etilgan investorlar tomonidan umumiy hisobda 643,3 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritildi. Bu esa belgilangan rejaning 101 foizini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 1,8 barobar o‘sishni ko‘rsatadi.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar doirasida 300 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi hamda 250 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, viloyat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shildi.

2024 yil yakunlariga ko‘ra, Xorazm viloyatida 420 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 126 foizlik o‘sishni tashkil etdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqishi, eksport geografiyasining kengayishi va raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirilishi mazkur natijalarga erishishda muhim omil bo‘ldi.

Xulosa shuki,  Xorazmdagi investitsiya muhiti tobora yaxshilanib bormoqda. Hudud sanoat salohiyatining oshishi, yangi texnologiyalar joriy etilishi va eksport ko‘rsatkichlarining o‘sishi mintaqaning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda.

Ahmadjon Shokirov,  

Behzod Saidov (surat),  

O‘zA muxbirlari