Respublika qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, agrar tarmoqda olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar bilan tanishdi.
Vazir tuman hokimi Ahrorbek Mansurov, sektorlar rahbarlari hamrohligida “Baxtiyor, Ne’matjon, Shavkatjon” fermer xo‘jaligidagi 150 gektar maydonda Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan paxta navining rivoji bilan tanishdi.

Aytish joizki, g‘o‘zalar avj o‘smoqda va mahalliy navlarga qaraganda tezpishar, serhosil. Shuningdek, olti gektar maydonda shu yil tajriba sifatida sholi ekilib, tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.
“Zumrad, Ibrat” fermer xo‘jaligi dalalarida 37 gektar yerga “Buxoro-102” navi ekilgan. G‘o‘zalar rivoji ko‘rgan kishining havasini keltiradi. “Namangan tajriba stansiyasi”da ham dehqonchilikda samarali mehnat qilinmoqda.

Vazir qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashib, saxovatli zamindan yanada unumli foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tavsiyalarini berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri