Mutasaddi vakillarning joylarda bo‘lib, mavjud muammolarni o‘rganishi, aholini qiynayotgan muammolarni ijobiy hal etish choralarini ko‘rishi odamlarda amaldorlarga, mas’ullarga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni kunlarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov Farg‘ona vodiysida bo‘lib, tuman va shaharlardagi ko‘p xonadonli uylar holati, aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifati bilan tanishmoqda.
Vazir Marg‘ilon shahrida ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashib, ularning muammolari bilan qiziqdi. Shuningdek, Farg‘ona shahri Abdulla Qodiriy mavzesida joylashgan RK-3 markaziy qozonxonasida bo‘lib, u yerdagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash, issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, aholini issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan ta’minlash sifati va darajasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Vazir mutasaddi rahbarlarga mazkur ob’ektni yanada rivojlantirish hamda undan oqilona foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Farg‘ona shahar Qirguli mavzesida jami 357 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, undan 70 ta ko‘p qavatli uyga "Max Bunyodkor" boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatib keladi. Vazir mazkur kompaniya faoliyati bilan tanishdi. Boshqaruv kompaniyasi 6 ta moliyaviy holati nochor shirkatlar negizida tashkil etilgan.
Vazir amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, BSK faoliyatidagi kamchiliklarni tanqidiy ko‘rib chiqdi. Shuningdek, mavzedagi aholi bilan suhbatlashib, ularni qiynayotgan masalalar yechimi bilan samarali ishlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Sherzod Hidoyatov hududdagi faoliyati davomida «Taraqqiyot» aholi turmush tarzini rivojlantirish markazi rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda markaz tomonidan olis hududlarni ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Markaz tomonidan Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumani «Oqtepa» MFYdagi 914 ta xonadonda yashovchi aholi uchun 1 ta ichimlik suvi qudug‘ini yangidan qazish, sig‘imi 25 m. kub bo‘lgan 2 ta yangi suv minorasini qurish hamda 27 km. uzunlikdagi ichimlik suv quvurlari yotqizish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Quva tumani «Sultonobod» MFYda joylashgan 600 ta xonadondagi 3 ming aholini suv bilan ta’minlash maqsadida 1 ta ichimlik suv qudug‘ini yangidan qazish, sig‘imi 25 m. kub bo‘lgan 2 ta yangi suv minorasini qurish hamda 22 km. uzunlikdagi ichimlik suv quvurlarini yotqizish rejalashtirilgan.
Vazirning o‘rganishlari Andijon viloyatida davom etmoqda.
M.Komilova, O‘zA