Mamlakatimizda uchta bosqichdan iborat “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining yo‘lga qo‘yilgani va uning final bahslari bo‘lgan “Prezident olimpiadasi” joriy yilning 24 noyabr-3 dekabr kunlari poytaxtimizda zo‘r muvaffaqiyat bilan tashkil etilishida ko‘ngilli yoshlar - volontyorlar xizmatining hissasi beqiyos bo‘ldi.
“Prezident olimpiadasi” davomida hududlardan kelgan jamoalarni kutib olish, belgilangan sport majmualardagi musobaqalarni tashkil etish, texnik-taktik jarayonlarni boshqarishda aynan ko‘ngilli yoshlar tashabbus ko‘rsatdi.

"Olimpiya shaharchasi"da o‘tgan “Vazir va yoshlar uchrashuvi”da yurtimizda jadal rivojlanayotgan volontyorlik harakati nufuzli sport va ommaviy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazishda muhim o‘rin tutishi, ular sport musobaqalarining ajralmas qismi bo‘lib kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Sport vaziri Adham Ikromov hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Ularning taklif va mulohazalarini tingladi.

Savol-javoblar, taklif va mulohazalar bildirilgan muloqot jarayonida “Prezident olimpiadasi” o‘yinlarini tashkil etishda ish olib borgan ko‘ngillilar nafaqat musobaqalarning muvaffaqiyatli o‘tishida, balki mamlakatimizda sport madaniyati va faol fuqarolik pozitsiyasining yoshlar o‘rtasida shakllanishiga munosib hissa qo‘shgani e’tirof etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA