Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir: uy-joyga to‘langan mablag‘lar faqatgina shu ob’ektning o‘ziga ishlatiladi
14:10 / 2025-12-11

Bugungi kunda ayrim fuqarolar yangi barpo etilayotgan uy-joylarni sotib olishda aldanib, chuv tushib qolish holatlari ham uchrab turibdi. Bu kabi holatlarning oldini olishda eskrou tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Kuni kecha parlament quyi palatasida bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da deputatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga yuzlanar ekan, mazkur tizim haqida ham qiziqdi.  

Nodir Tilavoldiyev, deputat:

— Prezidentimizning tegishli farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyundan boshlab yil oxirigacha fuqarolar uy-joy sotib olishda eskrou hisob varag‘i orqali hisob-kitobni amalga oshirishlari mumkinligi ko‘rsatilgan. 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa faqatgina eskrou hisob varaqalari orqali amalga oshirish belgilangan. Qurilish kompaniyalari joriy yil 1 iyundan boshlab eskrou tizimdan foydalanishni boshladimi? Agar boshlangan bo‘lsa dastlabki natijalar qanday?

Sherzod Hidoyatov, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri:

—  Darhaqiqat, 2026 yil 1 yanvardan boshlab yangi quriladigan uylar uchun hisob-kitoblar eskrou tizimi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. “Shaffof qurilish” elektron platformasida eskrou tizimi bo‘yicha platforma mukammal ishlab chiqildi. Bu tizim barcha banklar, Kadastr agentligi, Nazorat inspeksiyasi, ekspertiza bilan integratsiya qilingan. Eskrou hisob ochish uchun har bir jarayonni elektron ko‘rib tura oladigan tizim yo‘lga qo‘yilmoqda. Eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.  

Umuman, 1 yanvardan boshlab barcha jarayonlar majburiy ishlashi bo‘yicha tayyor holatga keltirildi. Birorta inson aldanib qolmaydi, uy-joyga to‘langan mablag‘lar faqat shu ob’ektning o‘ziga ishlatilishi kafolatlanadi va ta’minlanadi. Elektron platformaga har bir xonadonning kvadrat metrigacha kiritiladi. Aholi kelib eskrou tizimi orqali to‘lovni amalga oshirganda, 100 foiz kafolatlangan darajada uy-joyga ega bo‘ladi. Shuningdek, qurilishlar cho‘zilib ketishi holatlarining ham oldi olinadi. Ayrim tadbirkorlar mablag‘larni boshqa joylarga ishlatib yuborish holatlari ham uchrab turibdi. Eskrou tizimida esa to‘langan mablag‘lar faqatgina shu ob’ektning o‘ziga ishlatiladi, — dedi vazir Sherzod Hidoyatov.

Muhtarama Komilova, O‘zA