Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Paxtakor tumanidagi “Syemrug’ clustyer” mas’uliyati cheklangan jamiyati urug‘chilik klasterida urug‘lik chigitni tozalash, tuksizlantirish va dorilash jarayonlari bilan tanishdi.
Ushbu kompaniya 2019 yil 27 fevralda Paxtakor tumani hududida tashkil etilgan bo‘lib, respublikamizdagi urug‘chilikka ixtisoslashgan ilk korxona hisoblanadi.
Korxonaga Xitoy davlatidan ilg‘or, innovatsion texnologiyalar asosida uskunalar olib kelinib o‘rnatilgan va bekami-ko‘st ishlab turibdi. Bugungi kunda MCHJ 67 nafar doimiy ish o‘rniga ega, asosan mahalliy fuqarolar mehnat qilmoqda.
Salkam 6 yildirki, ilm-fanga suyangan holda raqamli texnologiyalarni tatbiq etish imkonini beradigan zamonaviy korxona unum bilan faoliyat yuritib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri korxonadagi paxtani chigitdan ajratib olish, urug‘ tayyorlash, uni saqlash jarayonlari hamda urug‘ning omborlarda saqlanish holatini ko‘zdan kechirib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlarga doir o‘z fikr-mulohazalari bildirib, tavsiyalarini berdi.
Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda bu kabi korxonalarga zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatish va yuqori texnologik tizimlarni olib kelish orqali ish unumdorligini va eksport salohiyatini yanada oshirish mumkinligini qayd etib, ishlar ko‘ngildagidek ketayotganini ta’kidladi.
Ayni vaqtda ushbu MCHJ tomonidan tayyorlangan urug‘lik chigitlar “Yelita” va “R–1” sinfiga mansub bo‘lib, Jizzax viloyati dalalarida ekilayotir va Qozog‘iston Respublikasiga eksport qilinmoqda.
Shu o‘rinda Prezidentimizning 2022 yil 6 iyuldagi “2022 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “Syemrug’ clustyer” MCHJ urug‘chilik klasteri g‘alla va paxta urug‘chiligida o‘z brendini yaratgani e’tirof etilganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
[gallery-21185]
Mazkur urug‘chilik klasteri MCHJga qarashli paxta maydonining 82 gektarida tomchilatib sug‘orishning zamonaviy, tejamkor, innovatsion texnologiyalaridan hamda g‘alla maydonining 30 gektarida zamonaviy, yomg‘irlatib sug‘orish tizimidan foydalanib kelmoqda. Bu esa suv isrofgarchiligining oldini olishda va paxta hamda g‘alladan yuqori hosildorlikka erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari