Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir: Suv zaxiralarimiz o‘tgan yilga nisbatan 6,5 milliard kilometrga kam
17:42 / 2025-12-11

Suv tanqisligi muammosi mavjud suv zaxiralaridan unumli va maqsadli foydalanish zarurligini taqozo etadi. Joriy yilda qishloq xo‘jaligiga 40 milliard kilometrdan ziyod suv yetkazib berildi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi doirasida suv resurslaridan samarali foydalanish va suv xo‘jaligi ob’ektlari muhofazasini ta’minlash, suv yetkazib berishda ob’ektlarni modernizatsiya qilish hamda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ammo bugungi kunda transchegaraviy suv omborlari bilan hisoblanganda suv zaxiralarimiz o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,5 milliard kilometrga kam. Ichki suv omborlarimizda esa 2,7 milliard km kam suv yig‘ilgan.  

Shu bois, mavjud suv zaxiralaridan samarali foydalanish, sohani modernizatsiya qilish maqsadida oxirgi 5 yilda 60 trillion so‘m byudjet mablag‘lari, 622 million dollar xalqaro investitsiyalar yo‘naltirildi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.Hamroyevning “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 – 2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi ijrosi, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda qonunchilik hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksiga muvofiqlashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Ta’kidlanganidek, 2025 yilga kelib jami sug‘oriladigan maydonlarning qariyb 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan. O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida daryolar va soylarda 4 ta gidrologik postni qurish va qayta tiklash hamda raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan uskunalar bilan jihozlash ishlari olib borilgan.

Irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarida o‘tgan davr mobaynida 564,9 km. uzunlikdagi kanallar, 26,9 km. uzunlikdagi lotok tarmoqlari, 32 ta gidrotexnik inshoot, 47,2 m3/sek suv chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan nasos stansiyalarini, 3,9 km. uzunlikdagi bosimli quvurlarni, 45,8 km. uzunlikdagi yopiq sug‘orish quvurlari, 12,7 km. uzunlikdagi dambalarni hamda 45 ta sug‘orish quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan.

Shuningdek, melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 197,3 km. uzunlikdagi ochiq, 100,02 km. uzunlikdagi yopiq gorizontal kollektor-drenaj tarmoqlarida, 19 ta gidrotexnika inshootida hamda 46 ta kuzatuv qudug‘ida onlayn monitoring qilish qurilmalari o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, 4 ming 944 km. uzunlikdagi kanallarni tozalash, 5 ming 264 dona gidrotexnika inshootini va 5 ming 91 ta gidropostlarini ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Nasos stansiyalarining samaradorligini oshirish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 157 ta nasos agregati hamda 166 ta elektrodvigatel yangisiga almashtirilgan.  

Vazir qayd etganidek, sohada energiyadan oqilona foydalanish va ularning samaradorligini oshirish maqsadida nasos stansiyalariga 165 ta kondensator, 135 ta chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar, 752 kilovatt soat quyosh panellari hamda 27 ta quyosh suv isitkichlari o‘rnatilgan. Natijada joriy yilning o‘tgan davrida nasos stansiyalar va tik quduqlarni ishlatish uchun tasdiqlangan limitga nisbatan 137,8 mln. kilovatt soat elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.

Hududlarda 2025 yilning o‘tgan davrida jami 817,2 ming gektar yer maydonida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan. Shundan 103,2 ming gektar maydonda tomchilatib, 30,7 ming gektar maydonda yomg‘irlatib, 13,7 ming gektar maydonda diskret sug‘orish texnologiyasi tatbiq etilgan. Shu bilan birga, 74 ming gektar maydon egiluvchan quvurlar orqali, 49 ming gektar maydon egatiga plyonka to‘shab sug‘orilgan.

Muhokamalarda deputatlar sohaga raqamli texnologiyalarni joriy qilishni yanada kengaytirish, byudjet mablag‘larini o‘z vaqtida o‘zlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berdi. Shuningdek, bir qator savollarni o‘rtaga tashlab, tegishli javoblar oldi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA