Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchiligida sohada olib borilayotgan qator islohotlar natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida maktabgacha ta’lim tizimiga doir joylarda olib borilayotgan jarayonlar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Xususan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari, sohani raqamlashtirish hamda bog‘chalarga yo‘llanma berish jarayonlari haqida batafsil so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, qamrov darajasini oshirishda yangi o‘rinlarni yaratish bilan birga, mavjud o‘rinlardan oqilona foydalanish muhim. Bunda ayrim tuman va shaharlardagi bir yillik majburiy tayyorlov guruhlarini shu hududlardagi maktablarga ko‘chirish va boshqa ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, bog‘chalarda bolalarga ta’lim-tarbiya jarayonlarini sifatli tashkil etish va bunda “Ilk qadam” o‘quv dasturi imkoniyatlaridan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari sanab o‘tildi.
Olis va chekka hududlardagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishda “Aqlvoy” mobil guruhlari va Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini yanada jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida autsorsing asosida sog‘lom ovqatlantirish tizimini joriy etish jarayonlari ham hududiy ko‘rsatkichlar asosida ko‘rib chiqildi. Mas’ullarga belgilangan masalalarni manzilli o‘rganib chiqish hamda aniqlangan kamchiliklarni tezkor hal etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan Muhandislik maktablarini tashkil etish jarayonlariga e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida Prezident sovrini uchun «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi hamda ushbu tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta’lim sayohati taqdim etiladi.
Mazkur maktablarni a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilar texnika yo‘nalishidagi oliygohlarning 2-bosqichiga talabalikka qabul qilinishi rejalashtirilmoqda.

“Vazir soati” yig‘ilishida sohaga doir yana bir yangilik sifatida endilikda milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun har oyda 15 foizlik ustama to‘lab borilishi aytib o‘tildi. Shu bilan birga, bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan bitirgan hamda ta’lim tashkilotlariga ishga kirgan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi, magistrlarga birinchi malaka toifasi beriladi.
Mas’ullarga mazkur o‘zgarishlarni qayd etuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash bo‘yicha zarur vazifalar belgilab berildi.
N.Usmonova, O‘zA