O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzodbek Robiyev Andijon viloyati Baliqchi tumani “Chinobod” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi.
Prezidentimizning “Mahallabay” ishlash tizimi asosida joylardagi muammolarni aniqlash va hal etish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy bilim hamda savodxonligini boyitish maqsadida Adliya vazirligi, uning viloyat boshqarmalari, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Baliqchi tumanidagi Chinobod mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham tumandagi qator mahallalarda yashovchi fuqarolar turli masala va muammolar yuzasidan murojaat qildi.
Ayni kunda Chinobod mahallasining mavjud 4 ta ko‘chasida 550 ga yaqin oila tarkibida 3 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
[gallery-24171]
– Ko‘chamizga tabiiy gaz tarmog‘i tortilgan, – deydi Chinobod mahallasi, Chashma ko‘chasida yashovchi fuqaro Tohirjon Shodmonov. – Lekin tabiiy gaz ta’minotida juda ko‘p uzilishlar bo‘ladi. Ana shundan kelib chiqib, qabulda ko‘chamizdagi xonadonlarga gaz balloni berilishini, suyultirilgan gaz ta’minoti yo‘lga qo‘yilishini so‘rab, murojaat qildim. Ushbu masala mutaxassis va mutasaddilar tomonidan o‘rganilib, yakuniy xulosaga kelinadigan bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolarning davolanish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kommunal to‘lovlar va boshqa turli masalalarga oid 30 dan ziyod murojaatlari tinglandi. Qator murojaatlar shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi, bir qator murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi. Aksariyat murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” a’zolari bilan suhbatlashildi, qonun ustuvorligini ta’minlash, targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish, aholining huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishda mahalla yetakchilarining faolligini yanada rivojlantirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Sayyor qabul doirasida tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi, tuman tibbiyot birlashmasi tashabbusi bilan bepul tibbiy ko‘rik tadbiri tashkil etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.