Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir o‘rinbosari mahallada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi
13:16 / 2024-12-21

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida Andijon viloyati Oltinko‘l tumani “Dalvarzin” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Prezidentimizning “Mahallabay” ishlash tizimi asosida joylardagi muammolarni aniqlash va hal etish borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida hududlardagi tanlab olingan mahallalarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Oltinko‘l tumanidagi Dalvarzin mahallasida ham huquqiy yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirildi.  

Ayni kunda Dalvarzin mahallasining mavjud 12 ta ko‘chasida 1 ming 136 ta xonadon, 1 ming 570 ta oila mavjud. Ana shu oilalar tarkibida 6 ming 600 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Viloyat adliya boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari xodimlaridan tuzilgan Ishchi guruh a’zolari tomonidan mahallada xatlov o‘tkazilib, xonadonlardagi huquqiy muammolar o‘rganildi. Aholining huquqiy bilimlarini aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi, har bir fuqaroning fikri, muammolari tinglandi.

Ana shu o‘rganishlar asosida aholini qiynayotgan mavjud huquqiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha zarur ishlar olib borildi. Jumladan, 968 nafar fuqaroga tegishli “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi xatoliklari o‘zgartirish kiritish orqali bartaraf etildi, tug‘ilish, nikoh, o‘lim va ajrim bilan bog‘liq 12 ta huquqiy muammo  tegishli tartibda hal etildi. Kadastr hujjati va meros bilan bog‘liq 202 ta muammo aniqlanib, shundan 25 ta meros hamda uy-joy bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Bundan tashqari, 219 nafar shaxsga mulk solig‘i, 19 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsga daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanildi, 6 nafar shaxsga yoshga doir pensiya tayinlandi, 23 nafar fuqaroning o‘zini-o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, 25 ta uyning kadastr hujjatini rasmiylashtirish, 4 nafar fuqaroga nikohdan ajrash, soliq va pensiya masalalari bo‘yicha sudlarga arizalar tayyorlab berildi.  

Uyma-uy yurilgan holda aholiga 96 ta yo‘nalishda davlat xizmatlari ko‘rsatildi, 63 nafar shaxs bepul chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 6 nafariga respublika va hududiy reabilitatsiya markazlarida bepul davolanish uchun yo‘llanma, 4 nafar fuqaroga bepul dori-darmon, turli xastaligi bo‘lgan 92 nafar shaxsga ambulator sharoitda davolanish uchun yo‘llanma berildi.

Mahallada “Adliya sayli” o‘tkazilib, 78 nafar fuqaroga qonunchilikdagi imtiyozlar tushuntirildi hamda mahalladagi maktablarda “my.gov.uz” va “id.egov.uz” platformalaridan foydalanish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Adliya bo‘limida o‘quvchilar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.  

Loyiha doirasida aholi bilan ishlayotgan mahalla yettiligi vakillariga huquqiy-metodik yordamlar ko‘rsatildi, shuningdek, aholining huquqiy bilim va savodxonligini oshirishga qaratilgan muloqot, davra suhbatlari hamda turli tadbirlar o‘tkazildi. 

Vazir o‘rinbosari mahallada amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etib, kelgusida huquqiy muammolarni aniqlashda davlat idoralarining elektron platformalari ma’lumotlaridan keng foydalanish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar natijadorligini yanada oshirish yuzasidan ko‘rsatma, taklif va tavsiyalar berdi.  

 F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari