Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir o‘rinbosari hudud maktablarini o‘rganmoqda
15:09 / 2021-06-25

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev Navoiy viloyatining olis tuman, shaharlaridagi mavjud umumta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda bo‘lajak saylovlarni o‘tkazishga shaylik holatini o‘rganish maqsadida ta’lim muassasalariga tashrif buyurdi.

Dastlabki manzil oltintoparlar yurti bo‘lgan Zarafshon shahri bo‘ldi. Zarafshon shahridagi 13 ta maktabda 11-sinf bitiruvchilari 920 nafarni tashkil etib, shundan 22 nafar bitiruvchi oltin medal bilan tugatdi. 39 nafar bitiruvchi xorijning nufuzli oliygohlariga muddatidan oldin o‘qishga kirib talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi. 79 nafar bitiruvchi xalqaro IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Vazir o‘rinbosari 1-umumta’lim maktabida bo‘lib, ajratilgan hududni obodonlashtirish, maktab oshxonasini talab darajasiga keltirish, fin tilini o‘rgatish to‘garagi xonasini jihozlash to‘g‘risida o‘z tavsiyalarini berdi. Joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovga umumta’lim muassasalarini shay holga keltirish, saylovchilarga qulay sharoitlarni yaratish yuzasidan takliflarini bildirdi.

Tomdi tumani ham geografik jihatdan o‘ziga xos. Bu yerda xalq ta’limi muassasalari tarqoq joylashgan bo‘lib, 17 ta maktab faoliyat ko‘rsatadi. Joriy yilda ta’lim muassasalarini 134 nafar o‘quvchi tamomlab, ularning 8 nafari "Oltin medal"ga loyiq topildi. Bitiruvchilarga oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rishlari va qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro davlat universiteti hamda Navoiy davlat pedagogika instituti bilan memorandum imzolangandi. Natijada mart oyidan boshlab 7 ta fan bo‘yicha onlayn darslar o‘tkazildi.  

Vazir o‘rinbosari 5- va 8-umumta’lim maktablarini ko‘zdan kechirdi. Yozi issiq va qishi nisbatan sovuq bo‘ladigan mazkur hududdagi maktablarni kompleks tayyor holga keltirish, yoqilg‘i zaxirasini tayyorlab qo‘yish, saqlash omborlarining ta’mirtalablari uchun talabnomalarni shakllantirish, shuningdek, zamonaviy binolarni saqlab turish, moslashtirilganlarni dastur asosida joriy yoki mukammal ta’mirlash bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqish topshiriqlari berildi.  

Vazir o‘rinbosariga hamrohlik qilgan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Shamuratov va tizim rahbarlari tegishli topshiriqlar ijrosi bo‘yicha o‘z rejalari va fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.  

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA