Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir o‘quv markazining faoliyati bilan yaqindan tanishdi
16:14 / 2025-12-04

Jizzax shahrida raqamli sohani rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy texnologiyalarga keng jalb etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “IT Park”ning yetakchi rezidentlaridan biri — Teamit Services o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu ta’lim muassasasi axborot texnologiyalari, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, 2024 yilning o‘zida 300 nafardan ortiq yoshlarga zamonaviy kasblar sir-sinoatlarini o‘rgatishga muvaffaq bo‘lgan. Markaz rahbariyati uchrashuv davomida Sh. Shermatovga o‘quv dasturlari, amaliy tajriba olish imkoniyatlari yaratilgan laboratoriyalar va talabalar uchun tashkil etilgan infratuzilma haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ushbu salohiyatni yanada kengaytirish maqsadida 2026 yilga qadar sun’iy intellekt bo‘yicha yangi o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish, texnik bazani yangilash va qo‘shimcha o‘quv quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi. Bu esa hududda yuqori malakali, raqobatbardosh IT mutaxassislarini tayyorlash imkoniyatlarini yanada mustahkamlaydi.

Vazir Teamit Servicesning Jizzaxda yoshlar bandligini oshirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash va innovatsion ekotizimni shakllantirishdagi o‘rnini yuqori baholadi. Shu bilan birga, ta’lim sifati va quvvatlarini yanada oshirish, faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Teamit Services faoliyati bilan tanishuv hududda raqamli iqtisodiyotni shakllantirishda ta’lim markazlarining o‘rni tobora oshib borayotganini yana bir bor isbotlab berdi.

A. Qayumov, O‘zA muxbiri