Vazir novkentlik tomorqachining ish tajribasiga yuqori baho berdi
Bugun tomorqachilik va undan olinadigan mahsulotlar hisobidan aholining oziq-ovqatga boʻlgan talabini qondirish haqida koʻp gapirilmoqda.
Bugun tomorqachilik va undan olinadigan mahsulotlar hisobidan aholining oziq-ovqatga boʻlgan talabini qondirish haqida koʻp gapirilmoqda. Chindan ham hovlisidagi bir parcha yeridan unumli foydalanib, yetarli hosil olayotgan kishi borki, oʻzini barcha mahsulotlar bilan toʻla taʼminlay oladi.
Fargʻona viloyatidagi mehnatkash odamlar bugun yeng shimarib oʻz tomorqalarida ish boshlayotir. Yerga urugʻ qadab, moʻl hosil umidida muntazam uning parvarishi bilan mashgʻul.
Hozirda viloyatda oʻz tomorqa yeriga ega 584 264 ta aholi xonadonlari mavjud. Xoʻsh, bahorning ikkinchi oyi oʻtib borayotgan shu kunlarda ularning barchasida ekin ekish ishlari boshlanganmi?
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov boshchiligidagi Ishchi guruhning Fargʻona viloyatidagi aholi tomorqalari holatini oʻrganish boʻyicha olib borayotgan faoliyati birinchi galda shu kabi mavjud muammolarga qaratildi.
Ishchi guruh tomonidan aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, Qoʻshtepa tumanidagi “Shomirza”, “Boʻston”, Soʻx tumanidagi ”Xushyor”, “Qizilqiyoq” Dangʻara tumanidagi “Abdusamad”, “Kattaturk”, Yozyovon tumanidagi “Toshxovuz”, “Birdamlik”, “Takalik”, “Yangiobod”, Margʻilon shahridagi “Kosibchilik” mahallalaridagi oʻz tomorqa yeriga ega baʼzi xonadonlarda bahorgi ekinlar ekish hanuz boshlanmagan.
— Keltirib oʻtilgan mahallalarning har biridagi oʻntadan xonadonning tomorqa yerlari boʻsh yotganligi hisobga olsak, tasavvur qilish mumkinki, qancha oziq-ovqat, qancha mablagʻ qoʻldan boy berilyapti, — deya bu holatga munosabat bildirdi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov. — Afsuski, bu haqiqatni bugun barcha vatandoshlarimiz toʻla anglab ololgani yoʻq. Bizning vazifamiz esa barcha xonadonlarda oʻz tomorqalaridan samarali foydalanish amaliyotini keng joriy etishdan iborat. Ayniqsa, Fargʻonadek aholi zich yashaydigan hududda har bir qarich yerning qad-qimmati juda baland.
Aholi tomorqalaridan samarali foydalanishning doimiy tahlilini olib borish maqsadida R.Mamatov taklifiga binoan, Fargʻona viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasiga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qiymati 250 mln soʻmlik 10 dona dron uchish moslamalari taqdim etildi. Shuningdek, berilgan tavsiyalar asosida viloyat miqyosidagi 77,3 ga yer maydonlariga Fermerlar, dexqon va tomorqa yer egalari Kengashi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan namunali loyihalar asosida 1500 ta, mahalliy xom-ashyodan 3500 ta, jami 5000 ta issiqxonalar qurish ishlari rejalashtirildi.
Viloyat aholisi tomonidan berilgan murojaatlar asosida 58 nafar fuqaroga jami 2 mlrd 29 mln soʻm miqdorda,jumladan, 9 nafar fuqaroga nasilli qoramolchilik bilan shugʻullanishlari uchun 220 mln soʻm, 1 nafar fuqaroga asalarichilikni tashkil etish uchun 33 mln soʻm, 12 nafar fuqaroga qoʻychilik bilan shugʻullanishlari uchun 291 mln soʻm, 1 nafar fuqaroga bogʻdorchilikni tashkil etish uchun 30 mln soʻm, 17 nafar fuqaroga issiqxonalar qurish uchun 439 mln soʻm, 9 nafar fuqaroga tikuvchilik uchun 192 mln soʻm, 5 nafar fuqaroga turli ishlab chiqarish ishlari bilan shugʻullanishlari uchun 360 mln soʻm va 4 nafar fuqaroga boshqa maqsadlar uchun 465 mln soʻm miqdorda imtiyozli kreditlar ajratish masalasi hududiy “Agrobank“, “Mikrokreditbank“ va Xalq banklari ishtirokida ijobiy hal etildi.
R.Mamatov Fargʻona tumanidagi aholi tomorqalari boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish asnosida “Novkent“ mahallasida yashovchi Munavvarxon Otajonova ish tajribasiga yuqori baho berdi. Munavvarxon opa bir paytning oʻzida “Novkent“ mahalla fuqarolar yigʻini raisining obodonlashtirish,tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlash asnosida oʻz tomorqasida ertangi ekinlar ekish, issiqxona, hattoki chorvachilik va parrandachilik ishlarini tashkil etish borasida ham mahalladoshlariga oʻrnak boʻlib kelmoqda.
— Bugungi kunda mutasaddi vazifada ishlayotgan har bir masʼul xodim, atrofidagilarga, avvalo oʻzi namuna boʻla olishi lozim, deb oʻylayman, — deydi M.Otajonava. — Shu sababli boʻsh vaqt topilishi hamon tomorqadagi ishlarimga yuguraman. Bu yerda tashkil etgan issiqxonada limon ekkanmiz. Har bir tub koʻchatdan 150-200 kilogram limon mahsuloti yetishtiriladi. Bu yil mana shu issiqxonadan 2 tonna limon hosili olishni, uning har bir kilogramini oʻrtacha 25000-30000 soʻmdan sotishni rejelashtirganmiz. Undan tashqari tomorqamizga erta pishuvchi kartoshka, pomidor, bodring, makkajoʻxori, malina qalampiri, bulgar qalampiri mahsulotlarini yetishtiryapmiz.
Munavvarxon opaning mehnatsevarligi hamda shijoati mutasaddilar tomonidan munosib ragʻbatlantirildi. Unga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri R.Mamatov tomonidan “Tashakkurnoma“ hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Ishchi guruh vakillari viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, “Obod va xavsiz mahalla” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar bilan ham atroflicha tanishdi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vazirligi matbuot xizmati