Jizzax viloyatiga xizmat safari bilan kelgan respublika Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Do‘stlik tumanida yangidan tashkil etilgan Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 15 may kuni o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlashda yangi bosqichga o‘tish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida 2023 yilning 1 iyunidan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish ta’kidlangan va bu borada mutasaddi vazirlik, idora va hokimliklarga bir qator vazifa hamda topshiriqlar yuklatilgan edi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev viloyat mutasaddilari hamda Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev hamrohligida Prezidentimizning ushbu videoselektordagi topshiriqlari ijrosi doirasida tashkil etilgan Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markaz faoliyati bilan tanishish avvalida Behzod Musayev tuman mahalla fuqarolar yig‘inlari “beshligi” bilan suhbatlashdi. Yurtboshimiz rahbarligida kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar negizi va mazmun-mohiyati, tumandagi mazkur Mikrosanoat va xizmat ko‘rsatish markazi ana shu islohotlarning yorqin samarasi ekanlgini alohida ta’kidladi.
Markazda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari bir hududga jamlanib, ular uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. So‘nggi hisob-kitoblar bo‘yicha bu yerda 1 ming 100 taga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ish o‘rinlariga asosan ijtimoiy daftarlarga kiritilgan hamda ishlash istagida bo‘lgan ishsiz fuqarolar qabul qilinishi belgilangan.
Respublika Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri markazda ish olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan ham tanishib, tashkil etilgan ish uslubi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarga yuqori baho berdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA