Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vazir kubogi”ning surxondaryolik g‘oliblari aniqlandi
11:58 / 2026-02-20

FOTOREPORTAJ

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida tashkil etilgan “Vazir kubogi” musobaqasining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi hamda sport sohasi mutasaddilari ishtirok etib, yosh futbolchi qizlarga muvaffaqiyat va yangi yutuqlar tiladi. Ta’kidlanganidek, mazkur musobaqa iqtidorli yoshlarni aniqlash, sport zaxirasini shakllantirish va qizlar o‘rtasida futbolni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Dastlabki saralash bosqichlarida viloyat bo‘ylab qariyb 10 ming nafar futbolchi qiz qamrab olingani qizlar sportiga qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Bu esa joylarda sport infratuzilmasi rivojlanayotgani, murabbiylar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgani hamda ota-onalarning qizlar sportiga munosabati ijobiy tomonga o‘zgarayotganini ko‘rsatadi.

Sherobod tuman markaziy stadionida bo‘lib o‘tgan viloyat bosqichi bahslari yuqori saviyada, tezkorlik va texnik mahorati bilan ajralib turdi. Jamoalar maydonda g‘alaba uchun bor kuch-g‘ayratini namoyon etib, haqiqiy sport ruhini ko‘rsatdi.

[gallery-27764]

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta’lim maktabi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, joriy yil 24–30-mart kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladigan respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Boysun tumanidagi 30-maktab jamoasi ikkinchi, Termiz shahridagi 7-maktab jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

— Bugungi musobaqa nafaqat sport sohasida yangi imkoniyatlarni ochadi, balki qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va jamoaviylikni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Toshpo‘latov. — Har bir ishtirokchi maydonda o‘z mahoratini namoyon etib, iroda va matonatini sinovdan o‘tkazdi.

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA