English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir kubogi yosh iqtidorlarni kashf qilmoqda
13:00 / 2026-02-19

Yurtimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirish, yoshlar, xususan, qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu maqsadda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri tashabbusi bilan futbol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqalari tashkil etildi.

Toshkent viloyatida mazkur musobaqaning viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi va qizg‘in taassurotlarga boy bo‘ldi. Unda tuman-shaharlardagi 7–11-sinf o‘quvchi-qizlaridan iborat 287 ta maktab jamoasi tarkibida jami 4 ming 494 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Bu esa hududlarda qizlar futboliga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Jumladan, uchinchi o‘rin uchun kechgan uchrashuvda Olmaliq shahar jamoasi Ohangaron shahar jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Final uchrashuvi esa haqiqiy sport bayramiga aylandi. Yuqori Chirchiq va Qibray tumanlari jamoalari o‘rtasida murosasiz va keskin kurashlarga boy o‘tgan bahsda asosiy vaqt durang bilan yakunlandi. Penaltilar seriyasida Yuqori Chirchiq tumani jamoasi raqiblarini 4:3 hisobida mag‘lub etib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Ular endi respublika bosqichida Toshkent viloyati sharafini himoya qiladi.

– “Vazir kubogi” nafaqat musobaqa, balki yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim loyiha sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Barcha jamoalar musobaqa davomida yuksak sport mahorati, intizom, jamoaviy hamjihatlik va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishni namoyon etdi. Ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitining shakllanayotgani esa yurtimiz futbolining yangi sahifalari yaratilishiga ishonch uyg‘otadi. Ishonamanki, ular kelgusida yaxshi natijalarga erishadi, – deydi Toshkent viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov.  

A.Musayev,O‘zA