Jizzax viloyatida sport sohasini tizimli rivojlantirish, infratuzilmani mustahkamlash va yuqori natijalarga erishish masalalari Sport vaziri Adham Ikromovning hududga xizmat safari davomida atroflicha muhokama qilindi.
Tashrif Zomin tumanining Dashtobod shaharchasidagi taekvondo markazidan boshlandi. Bu yerda Face-ID tizimi orqali sportchilar davomatini raqamlashtirish amaliyoti hamda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi. Ochiq muloqotda tayyorgarlik jarayonini samarali tashkil etish va natijadorlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Vazir Zarbdor tumanidagi sport maktabining tennis zali va rejalashtirilayotgan kurash zali loyihasini, shuningdek, Sharof Rashidov tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida joylashgan “Kurash mahorat maktabi” infratuzilmasini ko‘zdan kechirdi.

Xizmat safari davomida yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyati tahlil qilinib, boks murabbiyi Laziz Zokirov bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda boks zalini ta’mirlash va yangi qilichbozlik zali qurish masalalari muhokama qilindi.

Jizzax politexnika institutida o‘tkazilgan sayyor qabulda sport sohasiga oid o‘ndan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Aksariyati joyida hal etildi, ayrim masalalar nazoratga olindi. Shuningdek, institutda yangi tashkil etilgan kurash zalidagi sharoitlar bilan tanishildi.

Vazir Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib, o‘quvchi-sportchilarning 2025 yildagi natijalarini tahlil qildi. Markaz infratuzilmasi, yotoqxona va mashg‘ulotlar sifati o‘rganilib, ustuvor vazifalar belgilandi.

Jizzax futbol akademiyasida o‘tkazilgan yig‘ilishda ommaviy va professional sportni rivojlantirish, yoshlarni saralash, sport maktablari samaradorligi, korrupsiyaga qarshi kurashish va sport targ‘iboti masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda Olimpiya va paralimpiya markaziga yangi direktor etib tayinlangan Xurshid Abduvaliyev jamoaga tanishtirildi.

Safari doirasida vazirga 2026 yilga mo‘ljallangan sport tadbirlari taqvim rejasi hamda Olimpiya shaharchasida olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi filialini tashkil etish bo‘yicha dizayn konsepsiyasi taqdim etildi. Mas’ullarga mablag‘lardan samarali foydalanish va yuqori natijalarga erishish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri