Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir jamg‘armasi hisobidan ustama olish uchun pedagoglar sinovdan o‘tishdi
11:48 / 2024-02-20

Navoiy shahrida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi hisobidan 2024 yilda har oylik ustamaga da’vogar pedagoglarning saralash imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

Ikki smenada tashkil etilgan saralash imtihonlarida viloyatning turli hududlaridan kelgan 228 nafar pedagog qatnashdi.  

Ikki bosqichdan iborat bo‘lgan sinovning dastlabkisida ishtirokchilar dars beradigan umumta’lim fani bo‘yicha bilim darajasini baholash uchun test sinovlarini topshirishdi.

– Vazir jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi “Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Qobil Omonov. – Ushbu jamg‘arma hisobidan Maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan, o‘quvchilari yuqori natijalarga erishgan malakali pedagog kadrlarning mehnatini rag‘batlantirish hamda o‘z ustida doimiy ishlaydigan, o‘zining o‘qitish uslubiga va xalq orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga har oyda belgilangan tartibda ustamalar to‘lanadi.  

Ikkinchi bosqichda test sinovlarida maksimal ballning 80 foizi yoki undan yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun suhbat o‘tkaziladi. Suhbat natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 barobari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),

O‘zA muxbirlari