Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Uychi tumanida o‘tkazilgan Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Namangan davlat pedagogika instituti ikkinchi bosqich talabasi Begoyim Varisova ham qatnashdi.
Yosh iqtidor sohibasi davlatimiz rahbariga bir qator taklif-tashabbuslari, xususan, Namanganda har yili “Kitobxonlar forumi”ni tashkil etishni ilgari surib, ushbu anjuman yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda mamlakatimiz rahbari iste’dodli talaba qizning g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, unga muddatidan avval Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi berilishini ma’lum qildi.

Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova institutda bo‘lib, talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida so‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangilanishlar hamda barkamol avlodni kamol toptirishda maktab, oliy ta’lim muassasalari va pedagoglarning o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.


Shuningdek, vazir Abdulla Avloniy davlat stipendiyasining ilk sohibasi Begoyim Varisovani samimiy tabriklab, bo‘lg‘usi muallimaning kelgusidagi o‘quv va pedagogik faoliyatida ulkan zafarlar tiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA