Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Triple R Technologies kompaniyasining Buxoro shahrida faoliyat yuritayotgan ofisida bo‘lib, kompaniyaning faoliyati, amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalari hamda kelgusidagi rejalari bilan tanishdi.
Asosiy e’tibor RRR Universe onlayn ta’lim platformasiga qaratildi. Ushbu platforma O‘zbekiston yoshlari uchun IT, elektron tijorat va blockchain kabi zamonaviy kasblarni masofadan turib o‘rganish imkonini yaratadi.
Uchrashuvda, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda WEB3 va blockchain loyihalarining o‘rni, yangi texnologiyalarni turli sohalarga integratsiya qilish imkoniyatlari hamda yoshlarni IT sohasiga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Sherzod Shermatov viloyatdagi IT Park rezident kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Buxoro shahridagi “LEADERS GROUP TEAM” va “WHITE GROUP LOGISTICS” BPO markazlarida bo‘ldi. Suhbatlarda asosiy e’tibor kompaniyalarning eksport hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va faoliyatni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi. Uchrashuvlar davomida kompaniyalarning faoliyatini yanada kengaytirish va viloyatdagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.
Uchrashuvda kompaniya vakillari o‘zlarining yangi tashabbuslari, mahalliy va xalqaro bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish rejalari hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishdagi ishtiroklari haqida so‘zladi. Shuningdek, vazir yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va xalqaro tajribadan foydalanish muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, Qorako‘l tumanidagi IT-klaster doirasida faoliyat yuritayotgan Acharya universitetning 2025/2026 o‘quv yillariga tayyorgarlik jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv xonalari va ilg‘or laboratoriyalar sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga universitetining yangi binosida olib borilayotgan qurilish ishlari ham o‘rganildi. Qurilish ob’ektida 5400 o‘rinli zamonaviy yotoqxona, xalqaro standartlarga javob beruvchi kutubxona, BPO va KPO markazlari, shuningdek, o‘quv xonalari va laboratoriyalarning qurilish ishlari ko‘rib chiqilib, mutasaddilar tomonidan taklif va tavsiyalar berildi.

Vazir Buxoro viloyatining ma’muriy markazida joylashgan hududga ham tashrif buyurib, IT Park binosi qurilishi uchun maxsus ajratilgan yer maydonini bilan tanishdi. Tadbir doirasida yangi quriladigan zamonaviy IT Park loyihasi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi hamda hozirda olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Loyiha mintaqada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish va IT sohasida xalqaro standartlarga mos keladigan muhit barpo etishga qaratilgan. Sh.Shermatov loyihaning muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Buxoro viloyatini nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro miqyosda ham IT sohasi uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.