Shu kunlarda ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish, takliflarni o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova mamlakatimizning turli hududlarida bo‘lmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining navbatdagi tashrifi Andijon viloyatiga bo‘ldi. Vazir Andijonda dastlab Asaka tumanidagi "Jasorat maktabi" sifatida tanlab olingan 25- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘quvchilarning bilim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan qiziqdi.
Shuningdek, vazir Asaka tumanidagi metodik tayanch ta’lim muassasisi sifatida tanlab olingan 9- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati bilan tanishdi, muassasa tarbiyachilari bilan suhbatda bo‘ldi. Suhbat davomida bolajonlarni ham ma’nan, ham jismonan barkamol voyaga yetkazish borasida bugungi kun tarbiyachilari oldida turgan muhim vazifalar haqida gapirdi. Tarbiyachilar doimiy o‘rganishi, kasbiy bilim va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratishi muhim ekanligini alohida ta’kidladi.
[gallery-24811]
Vazir safar davomida Bobur shahrida qad rostlayotgan "Andijon pedagogik mahorat markazi" yangi binosining qurilishi, mazkur ob’ektda olib borilayotgan ishlarni ham ko‘zdan kechirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari