Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vazir Agrippina Shin faoliyatiga doir ma’lumotlar ko‘pchilikka qiziq
16:27 / 2022-02-13

O‘zA KUZATUVIDA: O‘zbekiston mutasaddilari hafta davomida nimalar bilan shug‘ullandi?

Inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qilishi mumkin. Bolaning ongi, asosan, 5-7 yoshda shakllanishni boshlaydi. Ta’lim-tarbiya tizimi hayotimiz, kelajagimizga daxldor muhim masala hisoblanadi. Bu jarayon esa maktabgacha ta’lim tizimidan boshlanadi.  

Gap bolalarimiz, avlodlarimiz haqida ketar ekan, maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shinning faoliyatiga doir ma’lumotlar ko‘pchilikka qiziq bo‘lishi tabiiy.

Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin o‘tgan hafta davomida qayerlarda bo‘ldi, kimlar bilan uchrashdi, soha rivoji uchun qanday ishlarni amalga oshirdi?

Maktabgacha ta’lim vazirligi rasmiy sayti va telegram kanalida e’lon qilib borilgan ma’lumotlarga tayangan holda vazirning haftalik faoliyatiga nazar soldik.

Qayd etilishicha, hafta boshida Maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar Chimboy guzariga tashrif buyurgan.

Tashrif chog‘ida mutasaddilar tomonidan «Lesnaya skazka» nomli xususiy MTT faoliyati yaqindan o‘rganildi va bog‘chani DXSH shaklida ishlash taklifi berildi. Chunki mazkur bog‘cha 100 o‘ringga mo‘ljallangan bo‘lib, 25 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Shuningdek, vazir A.Shin Nukus shahri, «Ata Makan» MFYsida joylashgan 53-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 53-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 385 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2020 yilda qurib foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda tashkilotda 21 ta guruhda 620 ta bola tarbiyalanmoqda.  

Vazir mazkur MTT faoliyatini yaqindan o‘rgandi, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.

Agrippina Shin Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safari chog‘ida Qo‘ng‘irot tumani «Navoiy» MFY hududida joylashgan 240 o‘rinli, 25-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘ldi.

Mazkur MTT 2021 yil 6 milliard 544 million 638 ming so‘m mablag‘ hisobiga qurilib, foydalanishga topshirilgan. Tashkilotda 47 ta pedagog kadrlar ish bilan ta’minlangan. bugungi kunda «Temir daftar»ga kiritilgan 24 ta oila bolalari bepul ta’lim-tarbiya olmoqda.

Mas’ul Shumanay tumani, «Begjap» MFYdagi 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatini ham yaqindan o‘rgandi. Mazkur MTT 2021 yilda 3 milliard 175 million so‘m mablag‘ hisobiga qurib, foydalanishga topshirilgan. Hozirgi kunda ushbu zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotida 5 ta guruhda 147 nafardan ortiq bolalar tarbiyalanmoqda. Ularga rus va ingliz tillarida muloqot qilish ko‘nikmalari o‘rgatiladi.

Safar davomida vazirlikning tegishli xodimlari tomonidan davlat maktabgacha ta’lim sohasida ta’lim sifatini oshirish maqsadida seminarlar tashkil etildi.

Vazirlik mutasaddilarining sa’y-harakatlari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti va Kegeyli tumanida 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda 2017 yilda respublika miqyosida 5 ming 211 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda mazkur ko‘rsatkich 27 ming 609 taga yetgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA