Shu kunlarda 46 ta oliy ta’lim muassasasida kasbiy, ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Bu yilgi imtihonlarga 3 ta majburiy fanlar bloki qo‘shilgani, jarayonlarni sifatli kameralar hamda imtihon.edu.uz va oliy ta’lim maskanlarining rasmiy saytlari orqali onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgani, shuningdek, ularga jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar jalb qilinayotgani imtihonlarni shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlamoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, oliygohlarda o‘tkazilayotgan imtihonlarni vazirlik mas’ullari bilan birga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutasaddilari ham bevosita nazorat qilib bormoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bilan birga joylarda bo‘lib o‘tayotgan ijodiy, kasbiy imtihonlarni kuzatdi.

Dastlab mutasaddilar Toshkent davlat pedagogika universitetida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan kasbiy, ijodiy imtihonlar hamda abituriyentlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishdi.

Xususan, Musiqa ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga topshirgan abituriyentlar bilan suhbat qilindi. Oliygoh mas’ullari tomonidan jarayonlarning ochiq va shaffof olib borilayotganligi haqida batafsil axborot berildi.
So‘ng mutasaddilar O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ham bo‘lib, musiqa san’atiga qiziqqan yoshlarning salohiyati, imkoniyati va bu ta’lim dargohida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Vazir A.Toshqulov zarbli cholg‘u yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy imtihon topshirayotgan bir qator yoshlarning maktabda egallagan bilimiga guvoh bo‘ldi. Vazir imtihonlarni kuzatayotgan mas’ullarga o‘qishga kirish shaffof bo‘lib borayotgani, faqatgina ijodiy, kasbiy imtihonlarda o‘ta hushyorlik va kasbiga sadoqat bilan yondashgan holda tizimga dog‘ tushirmay nazorat qilishlari zarurligini ta’kidladi.
Abduqodir Toshqulov vazirlik va oliy ta’lim muassasalaridan imtihonlarni kuzatib borishga jalb qilingan mas’ullarga halolligi va adolatli qarori uchun katta miqdordagi qo‘shimcha rag‘bat pullari berilishini alohida qayd etdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA