O’zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi va partiya fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Jizzax viloyatida fuqarolarning huquqlari, qonuniy manfaatlariga daxldor va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik nazorati asosida o‘rganishlar olib bordi, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Joylarda o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo, xato va kamchiliklar, aholi tomonidan qilingan murojaatlarga partiyaviy vositalar bilan yechim topish maqsadida Jizzax viloyatida ham bir qator amaliy ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Misol uchun, Forish tumanida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida keng jamoatchilik vakillari aholi chorva mollarini boqish uchun yaylovlardan foydalanish borasidagi muammolarni o‘rtaga tashlagan edi. Yaylov yerlaridan samarali va maqsadli foydalanish, ularni muhofaza qilish, o‘simliklar tabiiy plantatsiyalarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar tumanda chorvachilikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tumanda azal-azaldan chorvachilik rivojlangan. Bugungi kunda tumanda 366 ming gektar yaylov mavjud. Yaylovlardan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish chorvachilikni rivojlantirishda, chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etib, yangi ish o‘rinlari yaratishda, qisqacha aytganda, aholi turmush tarzini yaxshilash, qulay sharoitlar yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Yig‘ilishlar bahs munozaralarga boy tarzda o‘tmoqda. Deputatlar bu boradagi o‘z fikr va mulohazalarini, amaliy takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytayotganlarini ham alohida ta’kidlash joiz. Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish yuzasidan hamkorlikda bajariladigan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ishchi guruh vakillari o‘rganishlari asosida viloyatning boshqa tumanlarida ham O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari mutasaddilarning hisobotlarini eshitib kelmoqda. Masalan, Jizzax shahridagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari Jizzax shahrida Prezidentimizning 2023 yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Jizzax shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Haydarovning, Zomin tumanida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Zomin tuman bo‘limi boshlig‘i Bekzod Abdukarimovning, Mirzacho‘l tumanida 2024 yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi va 2025 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan “Xalq banki” ATB Mirzacho‘l tuman filiali boshqaruvchisi Husniddin Botirovning hisobotlari eshitildi.
E’tiborga molik tomoni bu yig‘ilishlarda mutasaddilarning faoliyatiga tanqidiy-tahliliy baho berilib, davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil uchun belgilab berilgan ustuvor vazifalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hamkorlikdagi amaliy ishlar ijrosi deputatlar va jamoatchilik nazoratiga olindi.
Xolbek Asatov,
O’zLiDeP Jizzax viloyati hududiy
partiya tashkiloti bo‘limi mudiri
O‘zA