Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vazifa – funksiya – resurs – javobgarlik”: boshqaruvda yangi tizim joriy etiladi
18:04 / 2026-01-12

Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yilning 6 dekabr kuni davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan muhim farmon imzolandi. Mazkur hujjat davlat xizmati tizimini zamonaviy talablar asosida tubdan yangilash, boshqaruvda shaffoflik va javobgarlikni kuchaytirish hamda natijadorlikka yo‘naltirilgan tizimni shakllantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Farmonda davlat boshqaruvida qaror qabul qilish va amalga oshirish samaradorligini oshirish, inson resurslarini boshqarishni yangi bosqichga olib chiqish, kadrlar salohiyatini tizimli ravishda rivojlantirish asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Hujjat orqali ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, har bir xodimning mas’uliyati va ish unumdorligini oshirish, davlat xizmati jozibadorligini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur farmon “Xalq manfaati — ustuvor vazifa” tamoyilini amalda ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Farmon bilan davlat boshqaruvida “vazifa — funksiya — resurs — javobgarlik” zanjiri asosida samaradorlikni oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Shuningdek, Boshqaruv samaradorligi agentligi faoliyati uchun uchta ustuvor yo‘nalish belgilab berildi. Ular — davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash orqali boshqaruv samaradorligini oshirish hamda davlat organlarida inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishdan iborat.

Farmonda davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish sohasida qator muhim yangiliklar nazarda tutilgan. Xususan, bo‘sh bo‘lgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash, ya’ni tanlov jarayonlari yangicha tizim asosida tashkil etiladi. 2026 yil 1 martdan boshlab davlat fuqarolik xizmatidagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar “vacancy.gov.uz” elektron platformasida e’lon qilinadi.

Fuqarolar ushbu platformada “ish qidiruvchi” maqomida ro‘yxatdan o‘tib, o‘z mutaxassisligi, lavozim va ish haqi talablariga mos bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Davlat organlari esa bo‘sh lavozimlarga nomzodlarni “vacancy.gov.uz” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar orasidan tanlov asosida saralab oladi. Tanlov bosqichlari Agentlik bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan belgilanadi.

Muhim jihatlardan biri — tanlov jarayonlarida nomzodlarning malaka talablarini ko‘rib chiqish bosqichini avtomatlashtirish, xususan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali inson omilini minimallashtirish hisoblanadi. Bu esa xolislik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, test natijalarining amal qilish muddati 6 oydan 1 yilga uzaytirildi. Mazkur yangilik nomzodlar uchun tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytiradi, ortiqcha ovoragarchilikni kamaytiradi hamda fuqarolarning talab va istaklarini inobatga olgan holda jarayonlarni yanada qulay va samarali qilishga qaratilgan.

Kadrlar zaxirasini yuritish tizimi ham yangi, zamonaviy tartib asosida qayta tashkil etiladi. Bu yo‘nalishda Agentlik hamda davlat organlarining kadrlar zaxirasini shakllantirish va yuritishga oid funksiya va vazifalari aniq belgilab berilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan lavozimlar uchun nomzodlar ro‘yxati mustaqil shakllantiriladi.

Saralashdan o‘tgan nomzodlar tomonidan shaxsiy rivojlanish rejalarining bajarilishi “zaxira.bsa.uz” elektron platformasi orqali muntazam monitoring qilib boriladi. Salohiyatli kadrlar zaxirasiga nomzodlar mahallada faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim va soliq inspektorlari orasidan tuman (shahar) hokimlarining xulosasi asosida ishchi guruh tomonidan saralanadi.

Shu bilan birga, Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatining boshqaruv va siyosiy lavozim guruhlari uchun kadrlar zaxirasi mustaqil ravishda shakllantiriladi. Davlat organlarida samarali xizmat qilayotgan, biroq rahbarlari tomonidan tavsiya etilmagan nomzodlarni mustaqil aniqlash va baholash orqali ularni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish mexanizmi ham joriy etiladi.

Umuman olganda, mazkur Farmon davlat xizmati tizimida inson kapitaliga bo‘lgan yondashuvni tubdan yangilab, boshqaruv samaradorligini oshirish, kadrlarni adolatli tanlash va rivojlantirish orqali davlat boshqaruvini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ilhom Qurbonov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi
Iqtisodiyot hamda infratuzilma sohalarida davlat xizmati va boshqaruv samaradorligini rivojlantirish departamenti boshlig‘i,
Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)