Vatikanda ilgari kuzatilmagan shov-shuvli sud jarayoniga yakun yasaldi, deb yozdi dw.com. Katolik cherkovi tarixida ilk bor kardinal qamoq jazosiga hukm qilindi.
16 dekabr kuni 75 yoshli kardinal Anjelo Bechchu besh yarim yil ozodlikdan mahrum qilindi. U jinoiy kelishuvda ishtirok etish, tovlamachilik, mansabni suiste’mol qilish, yolg‘on ma’lumot berish, korrupsiya, pul yuvish, maxfiy ma’lumot tarqatishda ayblandi. Kardinal va uning to‘qqiz nafar sherigi ustidan sud jarayoni ikki yil davom etdi.
Ayblovning bir ko‘rinishida 2014 yil xayriya puli bilan investitsiya maqsadida London markazidagi eng baland binoni sotib olish orqali qilingan jinoyat aks etgan. Auditor ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chmas mulk xarid qilishga yo‘naltirilgan sarmoyadan ko‘rilgan zarar 89 million funt sterling (104 million yevro atrofida)ni tashkil etgan.
Bechchu ushbu jinoyatga qo‘l urgan payt Vatikan davlat kotibiyati rahbarining umumiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, ya’ni lavozim bo‘yicha uchinchi shaxs edi.
So‘nggi yillarda Rim papasi Fransisk Vatikanning moliyaviy shaffofligini kuchaytirish hamda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qator farmonlar chiqardi. 2019 yil avval Rim prokurori bo‘lgan va mafiyaga qarshi olib borgan kurashi bilan tanilgan Juzeppe Pinnatonni Vatikan tribunali rahbari qilib tayinlandi. 2021 yil Fransisk kardinallarni Vatikan sudida sud qilishga ruxsat beruvchi farmonni e’lon qilgan.