Vatanparvarlik yo‘lidagi eng katta xizmatlardan biri – Vatan fidoyilarini tarbiyalash, el osoyishtaligining sadoqatli qalqonlari safini kengaytirish. Milliy gvardiya qo‘mondonligi bu borada qator ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Yoshlarni haqiqiy vatanparvar, yurtning koriga yaraydigan sadoqatli farzandlar bo‘lib yetishishlari uchun tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mehribonlik muassasalari tarbiyalanuvchilarining jamiyatga ijtimoiylashuvida ham o‘z tajribalarini safarbar etib kelishmoqda. Ayniqsa, “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida yosh qalblarga bolalikdan Vatan mehri, el osoyishtaligi singari ulug‘ qadriyatlarni singdirib borishmoqda.
Bu yilgi Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetini bitirgan yosh mutaxassislarning 6 nafari bolaligi mehribonlik uyida o‘tgan.
Yetuklik diplomini qo‘lga olayotgan yoshlarni olqishlash uchun kelgan ota-onalar qatorida bir guruh mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham borligi alohida diqqatga sazovor. Chunki bu yerda yangragan tilaklar, universitetning ilg‘or bitiruvchilarini taqdirlash, hayajonli nigohlar, gulduros qarsaklar yosh avlod uchun o‘ziga xos hayot maktabi desak arziydi.
Shuningdek, marosimga tashrif buyurgan tarbiyalanuvchilar o‘zlari uchun qadrdon bo‘lgan Jamoat xavfsizligi universitetining bitiruvchilari bilan muzey, kutubxona va kursantlar oshxonalarida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bitiruvchilar orasida To‘maris izdoshlari bo‘lgan o‘nlab qizlarning mamlakat xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash yo‘lidagi mas’uliyatli hayotga qadam qo‘yganliklari esa gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasiga aylandi.
Tadbir so‘ngida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Ma’rufova bilan dildan suhbat qurdi.
Albatta, bu kabi tadbirlarning davomiyligi yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun xizmat qilayotgan harbiylar safi kengayishiga muhim omil bo‘lishi shubhasiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VPhONSEqCfw" title="Vatanparvarlikni qalbiga jo etgan yoshlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA