Yosh avlodni Vatanga muhabbat, fidoyilik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash har birimiz uchun muqaddas burch hisoblanadi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Guliston davlat pedagogika instituti hamda bir qator hamkor tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.


Tadbirda Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Mudofaa vazirligining Faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi vakillari hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi hududiy bo‘limining mutaxassisi, ijodkor shoirlar va afg‘on urushi qatnashchilari ham ishtirok etishdi.

“Uch avlod uchrashuvi”da faxriylar va o‘rta avlod vakillari o‘z hayotiy va harbiy tajribalaridan so‘zlab berishdi. Talabalar ham o‘z navbatida savol va fikrlari bilan faol ishtirok etishib, qiziqarli o‘tgan muhokamalarda qatnashishdi.


– Bunday uchrashuvlar faqat tarix va tajriba almashish maydoni emas, balki yoshlar qalbini Vatanga muhabbat, fidoyilik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyatga ega, – dedi Mudofaa vazirligi Faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat Kengashi raisi, iste’fodagi mayor Burxon Abdualimov. – Shu boisdan biz yoshlarimizda sadoqat va mas’uliyat hissini kuchaytirishimiz kerak.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri