“Yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajak bunyodkori!” shiori ostida Qashqadaryoda yosh harbiy xizmatchilar forumi bo‘lib o‘tdi
Yoshlar oyligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalardagi yosh harbiy xizmatchilar ishtirokida forum tashkil etildi. Tadbir Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi hamda viloyat Yoshlar ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Forum maqsadi yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqatni mustahkamlash, farzandlik burchini anglash, Qurolli Kuchlarga nisbatan ijobiy munosabatni kengaytirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish, yoshlarni jismonan va ma’naviy jihatdan barkamol, mustaqil fikrlaydigan shaxslar sifatida shakllantirishdir. Shuningdek, yoshlar orasida davlat xizmati va harbiy sohaga qiziqishni rag‘batlantirish ham asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Forumda Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qism va muassasalarda yoshlarga oid davlat siyosati, yangi islohotlar hamda tajriba almashinuvi bo‘yicha ma’ruzalar eshitildi. Yoshlar uchun konsert dasturi va harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Tadbir so‘nggida yil davomida boshlang‘ich tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yosh harbiy xizmatchilar taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri