French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vatanparvarlik oyligi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
19:19 / 2021-01-15

Guliston shahridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi tasarrufidagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 29 yilligi sharafiga “Mardlar qo‘riqlaydi Vatanni” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hakamlar hay’ati Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanparvarlik oyligi” tanlovning g‘oliblarini aniqladi.

– Yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xonadonlarimizdagi quvonchu, fayzu barakasi – Vatanimiz himoyachilari, tinchligimiz posbonlarining hamisha sergak ekanliklari samarasidir, – dedi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori Muhammad Ismoilov, yig‘ilganlarni bayram bilan qutlab. – Bugun barchaning bayrami. Har biringiz o‘zingizning a’lo o‘qishingiz, ma’naviy yetukligingiz, ijodkorligingiz bilan ishonchni oqlasangiz, bu ham Vatanga sadoqat bilan xizmat qilgan hisoblanadi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir davomida maktabning yosh ijodkorlari Zulfiya Ismoilova, Zulhayo Mingboyeva, Ne’matullo Bobojonov, Dilnoza Eshqulovalar Vatan himoyachilariga bag‘ishlab yozilgan o‘z qalamlariga mansub she’rlarini yoddan ifodali o‘qib berdi.

Harbiylarga havas qilgan 6-sinf o‘g‘il bolalari va 8-sinf qizlari ijrosida ona, Vatan, vatanparvarlik, do‘stlik, tinchlikni madh etuvchi qo‘shiqlar yangradi.

Maktab qoshida tuzilgan raqs to‘garagi a’zolari tomonidan ijro etilgan dilrabo raqslar tadbirning barcha ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.

“Vatanparvarlik oyligi” doirasidagi tanlovda faol ishtirok etib, “Eng yaxshi videorolik”, “Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi she’r” yo‘nalishlari bo‘yicha tanlov g‘olibligini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar maktab ma’muriyatining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mohidil Ziyayeva,

H.Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi

O‘zA