Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi munosabati bilan “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostidagi “Vatanparvarlik oyligi” boshlandi.
Markaziy harbiy okrug va Samarqand viloyat hokimligi oylik davomida amalga oshiriladigan tadbirlar va ulardan kutilayotgan natijalar haqida ma’lumot berish, harbiylar hayoti bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etdi.
OAV xodimlari dastlab Markaziy harbiy okrug qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda askarlar, ofitser va serjantlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Harbiy qismda 7/24 tartibida ishlovchi kutubxona, “O‘q otish markazi”, o‘quv binosi, mashg‘ulot xonalari, sport zal, sohibqiron Amir Temur va jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti, ularning siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda milliy g‘urur tuyg‘ularini mustahkamlash va shijoatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi harbiy qism komandiri o‘rinbosari Qosimjon Mahkamov. – Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlariga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda xorijiy tillar hamda sport to‘garaklari ham tashkil etilgan. Ushbu to‘garaklar va kutubxonaga Vatanparvar mahallasida yashovchi oilalar farzandlari ham jalb qilinmoqda.
[gallery-26756]
Oylik doirasida Samarqand shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab harbiy orkestrning vatanparvarlik marshi sadosi ostida viloyatdagi harbiy qismlar xizmatchilari, Milliy gvardiya, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillarining harbiy yurishi tashkil etildi.
Shundan so‘ng Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida vatanparvarlik oyligining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Samarqand viloyat hokimligi mas’ullari milliy armiyamiz qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdilar.
Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
Bugundan viloyatdagi ta’lim muassasalari, mahallalar, bog‘ va xiyobonlarda Vatanparvarlik oyligi doirasidagi targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari