Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vatanparvarlik oyligi” boshlandi
15:12 / 2025-12-17

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Vatanparvarlik oyligi”ga tantanali start berildi. Ushbu oylik “Milliy armiya – ona Vatan qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 15 yanvarga qadar davom etadi.

Yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, fuqarolik mas’uliyati va harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan oylik doirasida mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda Qurolli Kuchlarimizning tutgan o‘rni, harbiy xizmatchilarning sharafli va mas’uliyatli faoliyati keng targ‘ib etiladi.

Unda viloyat va shahar hokimliklari mas’ullari, ofitserlar, serjantlar va askarlar, Qurolli Kuchlarimiz hamda boshqa kuch tuzilmalari vakillari, mehnat va harbiy xizmat faxriylari, jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqan Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev mamlakatimiz Qurolli Kuchlari mustaqillik yillarida yuksak salohiyatga ega zamonaviy armiya sifatida shakllangani, ularning davlatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini ta’minlashdagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. 

– Yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik va sadoqat ruhida tarbiyalash bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir, – deydi Navoiy garnizoni harbiy qism komandirining o‘rinbosari, podpolkovnik Bekzod O‘rozov. – Tadbirda harbiy xizmatchilarning jasorati, harbiy burchga sadoqati hamda yosh avlod uchun o‘rnak bo‘la oladigan hayot yo‘li haqida so‘zlab berdik. Yoshlarni “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etiladigan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, harbiy qismlarga sayohatlar, sport musobaqalari va ko‘rgazmali tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirdik.

Albatta, “Vatanparvarlik oyligi” davomida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli tadbirlar yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, tarixiy xotira va yuksak mas’uliyat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, kelajak avlodni yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, faol fuqaro sifatida voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri