Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Vatanparvarlik – ota-ona, oilani asrashdan, yurtga xizmat qilishdan boshlanadi”
15:29 / 2022-01-14

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni Toshkent viloyatida ham keng nishonlandi. Bugun erta tongdan Nurafshon shahri markazidagi Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr musiqa sadolari ostida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev va shahar hokimligi, hududdagi harbiy tuzilmalar va huquq-tartibot idoralari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘lib, Vatanimiz tinchligi va farovon hayotimiz namunasiga samimiy hurmat bajo keltirildi.

Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

– Bugun yurtimizda muhim kun, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir. – Shuni iftixor bilan doim aytaman. Xalqimiz osoyishta va farovon hayot kechirishi, xotirjamligimiz tinchlik tufaylidir. Vatanparvarlik ota-onani, oilani asrashdan, yurtga fidoyi xizmat qilishdan boshlanadi. Aslida bu shunchaki bayramlarda aytiladigan gaplar emas. Biz yoshlarimizni chin inson qilib tarbiyalashda shu kabi ulug‘ tuyg‘ularni singdirishimiz lozim. Biz ko‘ngildagi, imon-e’tiqodimizdagi yurtimiz ravnaqiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkam qalqondek qo‘riqlashimiz kerak.

Tadbir davomida hudud aholisi, keksalar va yoshlar ham bayramda faol qatnashdi.

Viloyatning barcha tuman-shaharlarida harbiylar bilan uchrashuv va muloqotlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda. Harbiy ta’lim muassasalari, tuman va shahar markazlari, xiyobonlarda tashkil etilgan harbiy texnikalar, qurol-aslahalar ko‘rgazmalari aholi, ayniqsa, yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda.

 

A.Musayev, O‘zA