Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “Farovon oila sari” oyligi doirasida “Vatanparvarlik oiladan boshlanadi” mavzusida ma’naviy tadbir tashkil etildi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishda oilalar, ayniqsa, xotin-qizlarning ham alohida o‘rni borligini e’tirof etdilar.
Tantanali tadbirda e’tirof etilganidek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, hamkor tashkilotlar, xotin-qizlar boshlag‘ich tashkilotlari, “Oqila ayollar” harakati, hududiy boshqarmalar, tuman (shahar) hokimliklari va keng jamoatchilik bilan birgalikda vazirlik va idoralarning markaziy va quyi tizim tashkilotlarida, tuman va shaharlarda, qishloqlarda, mahallalarda Xalqaro oila kuni munosabati bilan interaktiv tadbirlar, jumladan “Oila” kvesti, “Ahil oila” kunlari, “Qo‘shni-qo‘shniga”, “Qadriyatlarimiz – babaho boyligimiz”, “Mening oilam – mening faxrim” kabi muhim ma’rifiy – madaniy tadbirlar, “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” shiori ostida sog‘lomlashtirish va sport tadbirlari tashkil etildi.
Ularda respublika bo‘yicha minglab, millionlab oilalar ishtirok etdi va Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va hamkorlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-23689]
Bugun mamlakatimizda 10 million 300 mingdan ortiq oila mavjud bo‘lib, shundan 2 milliondan ko‘prog‘i yosh oilalardir. So‘nggi yillarda oila institutini har tomonlama mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ayollarning oila va jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Bu boradagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratildi, “mahalla yettiligi” faoliyati kuchaytirildi, oila davlat himoyasida ekanini namoyon etuvchi ijtimoiy omillar ko‘paydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi tegishli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi qarorlari asosida “Ibratli oila” konsepsiyasi ijtimoiy-ma’naviy hayotimizga kirib keldi.
Farovon va barqaror, hayot tarzida milliy qadriyatlarni, ma’rifiy mezonlarni asrab avlodlarga yetkazayotgan, farzandlarini halol, vatanparvar va o‘qimishli qilib tarbiyalayotgan, oilaviy qadriyatlarni saqlash va rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan, hayotiy tajribalari ommalashtirishga munosib bo‘lgan oilalar har yili Xalqaro oila kuni arafasida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi an’ana tusini oldi.
Mazkur ko‘krak nishoni milliy va umumbashariy qadriyatlarni targ‘ib etish, farzandlarimizni munosib insonlar qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025 yil 7 mart kuni farzandlarini halol, vatanparvar va o‘qimishli qilib tarbiyalayotgan, oilaviy qadriyatlarni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan oilalar safini kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar asosida ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tizimi yanada takomillashtirildi va bu yil ko‘krak nishoniga saralash jarayonlari yangi yondashuvlar asosida tashkil etildi.
2025 yil hududiy komissiyalar, vazirlik va idoralar tomonidan mazkur ko‘krak nishoniga 5000 ta oila tavsiya etildi va ishtirokchi oilalar soni o‘tgan yilga nisbatan 5,1 baravarga ortdi.
Zero, vatanparvarlik, yurt taqdiri uchun kuyinchaklik, xalqparvarlik, mardlik va sadoqat kabi fazilatlar aynan sog‘lom oilaviy muhitda shakllanadi.
Tadbirda yoshlarni vatanparvar, shijoatli, halol, yuksak ma’naviyatli insonlar etib voyaga yetkazishda oilaning o‘rni beqiyos ekani xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekistonimizni, tinch va osoyishta kunlarimizni, taraqqiyot sari intilgan ona-yurtimizni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar ijro etildi. Qiziqarli viktorinalar, ko‘rgazmalar, sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari