Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanparvarlik nima? Konstitutsiyaviy vatanparvarlikchi?
12:01 / 2022-08-07

"Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz". Shavkat MIRZIYOEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Bugun yurtimiz bo‘ylab ulkan tarixiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy ahamiyatga molik konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining bevosita shohidi bo‘lib turibmiz. E’tirof etish kerak, mazkur pallada xalqimizdagi konstitutsiyaviy vatanparvarlikning yorqin ifodasi namoyon bo‘lmoqda.    

Vatanparvarlik – vatanga muhabbat va sadoqat, vatan uchun xizmat qilish va bu yo‘lda butun umrini va salohiyatini baxshida etish, kerak bo‘lsa, o‘z jonini ham fido qilish demakdir. Vatanparvarlik barcha insonlar, millatlar, xalqlar uchun umumiy bo‘lgan, asrlar davomida sayqallanib kelgan umuminsoniy tuyg‘u, ma’naviy qadriyatlardan biri. Tarixiy jihatdan vatanparvarlik insonlarning o‘z vatani taqdiri bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xalqlarning o‘zlari yashayotgan hudud daxlsizligi va mustaqilligi yo‘lidagi kurashi jarayonida takomillashib kelgan his-tuyg‘ular jamlanmasi hamdir. Bu vatanning o‘tmishi va buguni bilan faxrlanishda, kelajagi uchun qayg‘urish va daxldorlikda, uning manfaatlarini himoya qilishda namoyon bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy vatanparvarlik esa vatanparvarlikning o‘ziga xos turidir. Bu ibora ilk bor XX asrning 40 yillari oxirida Germaniyada qo‘llanilgan. Nemis siyosatshunos faylasufi va siyosiy g‘oyalar tarixchisi Ya.V.Myuller hozirgi vaqtda konstitutsiyaviy vatanparvarlikning yagona falsafiy huquqiy ta’rifi yo‘qligini, tom ma’noda u fuqarolar ishonchi va davlat hokimiyati manbai bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlaydi.

Zotan, «konstitutsiyaviy vatanparvarlik» iborasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, demokratik Konstitutsiyaning normalari, qadriyatlari va tartib-qoidalariga asoslanishi kerak.
Siyosatshunos D.Shternberger fikriga ko‘ra, davlat qachonki o‘z fuqarolarining Konstitutsiyada kafolatlangan erkinliklarini hamda mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etishga doir huquqlarini hurmat qilsa va amalda ta’minlasagina muayyan odamlar jamoasi sifatida tirikdir. Nafaqat umumiy tarixiy o‘tmish tufayli, balki shu holatda ham o‘ziga xoslik hissi rivojlanib boradi. Yevropa an’analariga ko‘ra, vatanparvarlik har doim davlat tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Shu tariqa olim XX asrning 70 yillarida jamoatchilik e’tiborini ushbu atamaga jalb qilish bilan Germaniya Federativ Respublikasida Asosiy qonunning yuksalib borayotgan ahamiyatini aks ettirgan.

bugungi kunda Germaniyada Asosiy qonun juda ommalashgan. Mulohazamizni 2019 yilda Infratest dimap jamoatchilik fikrini o‘rganish instituti o‘tkazgan so‘rov natijalari ham tasdiqlaydi. Jumladan, respondentlarning 88 foizi Asosiy qonunni yaxshi (58 foizi) yoki juda yaxshi (30 foizi) deb qayd etgan. Bu fikrga aholining deyarli barcha qatlamlari qo‘shilgan. Aksariyat kishilar uchun Asosiy qonun, eng avvalo, inson qadr-qimmatini, uning huquqlarini himoya qilish, so‘ngra tenglik va teng huquqlilik, umumiy faoliyat erkinligi, matbuot va so‘z erkinligi demakdir.

Shunday qilib, konstitutsiyaviy vatanparvarlik Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlariga va erkinliklariga, umuminsoniy qadriyatlarga asoslanadi hamda muayyan davlatdagi insonlarni jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, birlashtiradigan falsafiy-huquqiy tushunchadir.

E’tirof etish o‘rinliki, Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi ham har bir insonning sha’ni, qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan, insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish hamda mustahkamlash, ochiq, adolatli va barkamol fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash, demokratiya g‘oyalariga, ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik kabi oliy qadriyatlarga o‘z sodiqligini ifoda etishdan iboratdir.

Shuning uchun ham konstitutsiyaviy vatanparvarlik xalqimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bo‘lgan cheksiz hurmati, e’tiqodi va sadoqati konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining quyidagi bosqichlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Birinchi – konstitutsiyaviy islohotlar tashabbusi bosqichi

Bu bosqichda konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlami – o‘qituvchilar, ishchilar, fermerlar, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, desak haq gapni aytgan bo‘lamiz. 2021 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida barcha nomzodlarning elektorat vakillari bilan uchrashuvlari chog‘ida fuqarolarimiz, keng jamoatchilik va siyosiy partiyalar vakillari mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ladigan chinakam hayotiy takliflar bilan chiqdi. Jumladan, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, xususiy mulk muhofazasini, mamlakatda millatlar va elatlararo totuvlikni kuchaytirish, mahallaning o‘rni va maqomini oshirish, oila institutining ahamiyati, davlat yoshlar va gender siyosatini, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy sohaga investitsiyalar hajmini kengaytirish, shuningdek, Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq vaziyatda insonning ekologik huquqlari, xalqimizning hozirgi va kelajak avlodlarining qulay va toza atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash kabi qator masalalarni Konstitutsiyada aks ettirish dolzarbligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Konstitutsiyaga rioya etilishining kafili sifatida aholining ushbu takliflarini amalga oshirish uchun konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi. Shu bilan birga, Konstitutsiyani yangilashdek g‘oyat muhim, strategik vazifani hal etishda yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, xalqimiz bilan har tomonlama maslahatlashgan holda, yurtimiz va jahondagi ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, aniq qaror qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Prezidentimizning «O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Konstitutsiyamiz xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos keladi. Bunga hech qanday shubha yo‘q», deb e’tirof etgani konstitutsiyaviy vatanparvarlikning yorqin namunasidir.

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, insonparvar va xalqparvar davlatni barpo etish, insonning qadri, huquq va manfaatlarini yanada samarali ta’minlash yo‘lidagi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi. Shunga asosan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyalarining 2022 yil 17 may kungi qo‘shma majlisida mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi. Bunda keng jamoatchilik fikrini, xalqaro konstitutsiyaviy tajribani o‘rgangan holda puxta o‘ylangan takliflar tayyorlash lozimligini e’tiborga olib, Asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid tashkiliy-huquqiy masalalarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari kengashlariga taklif kiritildi. 

Mazkur taklif Oliy Majlis palatalari kengashlarining 2022 yil 20 maydagi qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, qo‘llab-quvvatlandi va «Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qo‘shma qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

Ikkinchi – Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni jamlash bosqichi

Oliy Majlis palatalari kengashlari tomonidan qabul qilingan qo‘shma qaror yana shunisi bilan diqqatga sazovorki, unda O‘zbekiston Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish yoki yangi Konstitutsiyani yaratish emas, balki unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutildi.

Bu parlament a’zolari va siyosiy partiya vakillarining konstitutsiyaviy vatanparvarligidan yaqqol dalolatdir.

Yodimizda bor, 1992 yil 8 sentyabrda amaldagi Konstitutsiyamiz loyihasini umumxalq muhokamasiga taqdim etishga qaror qilingandan so‘ng loyihani tayyorlash ishlari 1992 yil 26 sentyabr kuni yakunlanib, shu sanada matbuotda e’lon qilingandi. Bu amaliyotdan farqli ravishda joriy yil 20 may kuni tuzilgan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan amaldagi Asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashdan oldin, eng avvalo, aholining fikri, taklif va tashabbuslari o‘rganildi, jamlandi. Chunonchi, an’anaviy aloqa vositalaridan tashqari takliflarni og‘zaki shaklda taqdim etish uchun barcha sharoitlar yaratildi, shuningdek, takliflarni elektron tarzda yo‘llash uchun internet va ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar ishga tushirildi. Masalan, meningkonstitutsiyam.uz platformasi, 1341 qisqa raqamli call centre, an’anaviy pochta aloqasi, mahallalar, Xalq deputatlari mahalliy kengashlari, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot, taklif@meningkonstitutsiyam.uz yoki taklif@2022.uz elektron pochtalari orqali takliflarni qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Yana bir e’tiborli jihati, xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar ko‘lami, mazmun-mohiyati va ahamiyati ham yurtdoshlarimizdagi konstitutsiyaviy vatanparvarlikni namoyon qildi, ularning huquqiy va siyosiy ong darajasi yuqoriligini ko‘rsatdi. Xususan, konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlangunga qadar bo‘lgan bir oylik davrda Bosh qonunimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha 62 ming 336 ta taklif kelib tushgani, bundan tashqari, ularga 3,8 yuzdan ortiq qo‘shimcha va 15,8 mingdan ziyod izoh bildirilgani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Shu tariqa, xalqimizning fikr va takliflari asosida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Uchinchi – Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalarning umumxalq muhokamasi bosqichi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalq vakillari – milliy parlamentimiz deputatlarining bir guruhi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritildi. Shundan keyin dastlabki tarzda qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun loyihasi «Xalq so‘zi», «Narodnoye slovo» gazetalari va meningkonstitutsiyam.uz platformasi orqali 25 iyunda umumxalq muhokamasiga taqdim etildi va 5 iyulga qadar muddat belgilandi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilingandan keyin fuqarolarimizning faolligi va takliflar ko‘lami ham keskin oshib ketdi. Takliflarni har tomonlama o‘rganish, ularning har birini tahlil qilish, umumlashtirish va jamlash jarayoni haqli ravishda qo‘shimcha muddat talab etgani, o‘z navbatida, xalqimizdan kelayotgan takliflar kun sayin ortib borayotgani munosabati bilan joriy yil 4 iyul kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bu muddat yana o‘n kunga – 15 iyulga qadar uzaytirildi.

Kezi kelganda aytish kerakki, 25 iyundan 15 iyulga qadar bo‘lgan 20 kun davomida jami 84 ming 552 ta, yo‘nalishlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Konstitutsiyaning «Ma’muriy-hududiy va davlat tuzilishi» bo‘yicha 39 ming 14 ta, «Davlat hokimiyatining tashkil etilishi»ga doir 24 ming 427 ta, «Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibi»ga oid 2 ming 767 ta, «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» borasida 2 ming 641 ta taklif kelib tushdi. Qolgan takliflar «Muqaddima»dagi, «Asosiy prinsiplar» hamda «Jamiyat va shaxs» bo‘limlaridagi normalarga tegishlidir.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilikka tushuntirish ishlari keng miqyosda olib borildi.
Ko‘rib turganimizdek, umumxalq muhokamasi davrida konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilingunga qadar bo‘lgan davrdagidan 35 foiz ko‘p taklif kelib tushgan.

O‘z navbatida, aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishdagi faolligi davom etib, kun sayin ortib borayotgani va kelib tushayotgan takliflar soni ham tobora oshib borayotgani umumxalq muhokamasi muddatini yana uzaytirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu asosda 2022 yil 15 iyul kuni Qonunchilik palatasi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tishni istardimki, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti jamoasi ham ishtirok etmoqda. Konstitutsiyaviy komissiya qaroriga muvofiq, Institut ilmiy xodimlaridan 9 nafari Takliflar bilan ishlash guruhi va 4 nafari Yig‘ma axborot-tahlil guruhi tarkibida qatnashib kelmoqda. Bundan tashqari, Institut xodimlari konstitutsiyaviy vatanparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasi va ilmiy-ekspertlik muassasasi vakili mas’uliyati o‘laroq, meningkonstitutsiyam.uz platformasi, maxsus telegram bot, koll-markaz, an’anaviy va elektron pochta orqali amaldagi Konstitutsiyamizga ikkinchi bosqichda 207 ta, uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi davrida esa konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 81 ta taklifni ilgari surdilar.

Joriy yilning 25 may – 1 avgust kunlari davomida konstitutsiyaviy islohotlar hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mohiyati va ahamiyatini tushuntirish bo‘yicha qator davlat organlari, ilmiy muassasalar va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda davra suhbati, seminar, konferensiya va uchrashuv shaklida jami 97 ta tadbir tashkil etildi. Ushbu anjumanlarning 68 tasida Institut xodimlari tomonidan bevosita ma’ruzalar qilindi. Ommaviy axborot vositalari orqali 248 marotaba (shundan bosma va elektron nashrlarda 30 ta, radioda 24 ta, televideniyeda 68 ta, veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda 126 ta) chiqishlar qilindi va o‘tkazilgan tadbirlar haqidagi ma’lumotlar yoritildi.

Institut veb-saytida «Konstitutsiyaviy islohotlar» (lpri.uz/constitutional-reforms/) maxsus rukni yo‘lga qo‘yildi va hozirga qadar ushbu ruknga hamda Institutning telegramm va feysbuk ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga konstitutsiyaviy islohotlarga doir jami 300 dan ziyod material joylashtirilgan bo‘lib, mazkur ma’lumotlar bilan tanishganlar umumiy soni 70 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda.

Muxtasar aytganda, umumxalq muhokamasi davrida fuqarolarimizdan konstitutsiyaviy qonun loyihasiga jami 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushganligi xalqimizning konstitutsiyaviy islohotlarga daxldorlik hissi yuqori darajaga chiqqanligini ko‘rsatib turibdi.

Men bu jarayonlarni bevosita kuzatar ekanman, bir narsaga quvondim: boshlanayotgan yangi davrdagi o‘zgarishlarga vatandoshlarimiz befarq bo‘lmasdan, o‘zlari tashabbuskor bo‘lib ko‘plab takliflar bermoqda va islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Ulardan kelib tushgan hech bir taklifni e’tiborsiz qoldirmasdan, Asosiy qonunimizni takomillashtirish jarayonida, albatta, inobatga olishimiz zarur.

To‘rtinchi – Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalarni referendum orqali qabul qilish bosqichi

Umumxalq muhokamasi yakunlanganidan keyin konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendum yo‘li bilan qabul qilinadi. Shu o‘rinda «Parlamentda Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolati yo‘qmi?» degan savol tug‘ilishi mumkin. Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Asosiy qonunga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Xorijiy tajribada bunday amaliyotni Fransiya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Qozog‘iston kabi qator davlatlarda kuzatish mumkin.

Milliy amaliyotda ham bunday tajriba mavjud, ya’ni Asosiy qonunimizga hozirga qadar 16 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shundan bittasi – 2003 yil 24 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan kiritilgan o‘zgarishlar 2 ta masala bo‘yicha – Konstitutsiyamizning beshinchi bo‘limi XVIII – XX, XXIII boblariga taalluqli hamda kelgusi chaqiriqda O‘zbekiston Respublikasining ikki palatali parlamentini saylash va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yillik qilib o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan 2002 yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan referendum natijalari asosida amalga oshirilgan. Qolgan 15 ta holatda parlament tomonidan o‘z vakolati doirasida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi tegishli qonunlar qabul qilingan.

Eng muhimi, konstitutsiyaviy qonun loyihasining fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi bilan referendum asosida qabul qilinishi – bu xalqimiz xohish-irodasining yana bir amaliy ifodasi bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, «Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi».

Ishonchim komilki, bo‘lajak referendumda ham yurtdoshlarimiz faol fuqarolik pozitsiyasini namoyish etadi.

Xulosa qilib aytganda, ayni konstitutsiyaviy islohotlar yuksalib borayotgan konstitutsiyaviy vatanparvarlikning vatandoshlarimiz ruhiyatidagi, bir tomondan, yurtimiz ravnaqida birlamchi asos bo‘lgan amaldagi Bosh qonunimizga sadoqat, ishonch va hurmat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi globallashuv davri taqozosi o‘laroq, jamiyatimiz taraqqiyoti bardavomligini kelajakda ham barqaror ta’minlash yo‘lidagi daxldorlik hissi jo‘sh urib turgan yana bir hayotiy namunasidir.

Foziljon OTAXONOV,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor

O‘zA