Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanparvarlik karvoni yo‘lga chiqdi
12:21 / 2025-12-20

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 34 yilligi munosabati bilan “Milliy armiya – ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida o‘tkazilayotgan vatanparvarlik oyligi doirasida “Vatanparvarlik karvoni” tashkil etdi.

Mazkur karvonning navbatdagi manzili Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani bo‘ldi.

Samarqand shahridan yo‘lga chiqqan vatanparvarlik karvoni tuman bo‘ylab harakatlanib, 31-umumta’lim maktabiga keldi va bu yerda harbiy xizmatchilar va soha faxriylari, mahalla ahli va o‘quvchi-yoshlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.  

Tadbirda so‘zga chiqqan Mudofaa vazirligi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti serjantlar tayyorlash oliy maktabi rahbari J.Karimov milliy armiyamiz salohiyati yildan-yilga oshib, bugun zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlangan qudratli Qurolli Kuchlarga aylanganini ta’kidladi. Harbiy xizmatchilarimizning turli xalqaro tanlovlarda qatnashib, yuqori natijalarga erishayotgani, soha uchun kadrlar tayyorlash tizimi takomillashgani qayd etildi.  

– Vatanparvarlik oyligi doirasida tumanimizdagi barcha ta’lim muassasalari va mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, madaniy hamda sport tadbirlari izchil tashkil etilmoqda, – deydi Pastdarg‘om tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Akmal Abidov. – Bu tadbirlar armiya va xalq birdamligini mustahkamlash, yoshlar qalbida Vatan himoyachisi bo‘lishdek ezgu maqsadni uyg‘otish va milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy orkestr ijrosida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.  

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari