Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Vatanparvarlik – ezgu fazilat
15:20 / 2025-12-26

Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy qism va bo‘linmalari tomonidan ham yoshlarni yurtga sadoqatli, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi turli ma’naviy tadbirlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, “Jasorat” darslari hamda ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etilmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi harbiy qism mezbonlik qilgan ana shunday tadbirlardan biri davomida sarhadlarimiz himoyachilari va yoshlar o‘rtasida kechgan samimiy muloqotdan so‘ng, ertamiz egalari uchun qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyishi o‘tkazilib, ularning qo‘llanilishiga oid ko‘plab qiziqarli ma’lumotlar berib o‘tildi. Xizmat iti ishtirokida amalga oshirilgan ko‘rgazmali chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Toshkent tumanining 3-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbir ham ko‘tarinki ruhda tashkil etilib, dastlab, Vatanimiz sarhadlari himoyasini ta’minlashda ko‘p yillar davomida xizmat qilgan faxriylar tomonidan yoshlar uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Shundan so‘ng, kelajagimiz bunyodkorlari tomonidan vatanparvarlik, yurtga sadoqat va mehr-oqibatni tarannum etuvchi she’rlar, badiiy parchalar hamda sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. 

Tumandagi Axborot-kutubxona markazida “Armiya – jasorat, matonat va bilim maskani!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning Vatanga muhabbat va harbiy xizmat sharafini tarannum etuvchi “Armiya va tarbiya” nomli she’riy kitobi taqdimot qilindi. Unda so‘z olganlar milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida yozilgan shu kabi asarlarni mutolaa qilish katta ahamiyatga ega ekani xususida to‘xtalib o‘tdilar. Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent tumani bo‘linmasi rahbari A. Tulakova ham qatnashib, yoshlar va harbiylarga vatanparvarlik ruhidagi she’riy kitoblar sovg‘a qildi.

Qibray tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan uchrashuv “Mening dadam - Vatan himoyachisi!” deb nomlandi. Unda o‘quvchi yoshlar hamda sarhadlarimiz posbonlarining farzandlari ishtirok etdilar. Harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyati, tinchlikning nechog‘li buyuk ne’mat ekani haqida so‘z yuritilgan ushbu tadbir davomida, yoshlar o‘z otalarining kasbi bilan cheksiz faxrlanishlarini va kelgusida ularga munosib izdosh bo‘lishga harakat qilishlarini to‘lqinlanib so‘zladilar. Shu kuni harbiylar va yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini ham tashkil etildi.

Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 45-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Jasorat” darsi davomida ham tinchlik va osoyishtalikning qadri haqida so‘z yuritilib, mavzuga oid videolavhalar namoyish etildi. Harbiylar bilan bevosita muloqotga kirishgan yoshlar xizmat jarayoni, kasbiy talablar va harbiy hayot haqida o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javoblar oldilar.

Bunday uchrashuvlar yoshlar qalbida yurtga muhabbat, uning taqdiri uchun qayg‘urish va kelajakda tinchlikning himoyachisi bo‘lib voyaga yetishga intilish kabi hislarni oshirishga xizmat qiladi. Zero, Vatan himoyasi - bu jasorat, sadoqat va fidoyilikning yorqin namunasidir. Bunday yuksak fazilatlarni yoshlar ongiga singdirish esa - juda muhim va zarur masala. Bugungi tadbir davomida ham ayni shu jihatlarga e’tibor qaratishga harakat qildik deydi, - maktab o‘qituvchisi Zarifa Egamova.

Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida tashkil etilgan vatanparvarlik tadbirida shahardagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari uchun litsey bo‘ylab sayohat tashkil etildi. “Ochiq eshiklar kuni” doirasida o‘tkazilgan uchrashuv davomida yoshlar litseydagi ta’lim yo‘nalishlari, o‘quvchilarning kun tartibi, yaratilgan shart-sharoitlar va qulayliklar hamda erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli tadbirlar butun mamlakatimiz bo‘ylab DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va bo‘linmalar, shuningdek chegaraoldi hududlardagi umumta’lim maktablarida davom etmoqda.

F.Bobojonova, 

DXX Chegara qo‘shinlari mayori